Qozog‘istonda neft qazib olish 21 foizga qisqardi

Qozog‘iston Kaspiy quvur konsorsiumining Qora dengizdagi dengiz terminalida neft yuklash ishlari to‘xtatilgani sabab qazib chiqarish hajmini vaqtincha kamaytirdi. Bu haqda The Astana Times xabar bermoqda.
Mamlakat Energetika vazirligiga ko‘ra, bu qaror neft omborlarining to‘lib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik va ishlab chiqarish jarayonining barqarorligini saqlash maqsadida qabul qilingan.
Terminaldagi yuklash ishlari kemalar, ekipajlar va atrof-muhit xavfsizligini ta’minlash uchun vaqtincha to‘xtatilgan. Konsorsiumning ishlab chiqarish va texnik obyektlari ish holatida qolmoqda hamda sharoit me’yorlashishi bilan Qozog‘iston neftini jo‘natishni qayta boshlashga tayyor. Energetika vazirligi konsorsium rahbariyati, yirik yuk jo‘natuvchilar, kema egalari va davlat idoralari bilan muzokaralar olib bormoqda.
Vazirlik qazib chiqarish qancha qisqarganini rasman ochiqlamadi. Reuters manbasiga ko‘ra, Qozog‘istonda neft va gaz kondensati ishlab chiqarish kuniga o‘rtacha 2,07 mln barreldan 1,63 mln barrelgacha, ya’ni qariyb 21 foizga kamaygan. Mamlakatning eng yirik koni – «Shevron» boshchiligidagi Tengizda esa qazib chiqarish kuniga 925 ming barreldan taxminan 406 ming barrelgacha tushgan.
Asosiy yo‘nalish
Kaspiy quvur konsorsiumi Qozog‘iston neftining asosiy eksport yo‘nalishi hisoblanadi. Uzunligi 1,5 ming kilometrdan ortiq bo‘lgan quvur mamlakat g‘arbidagi Tengiz konidan boshlanib, Rossiya hududi orqali Qora dengiz sohilidagi Novorossiysk portiga boradi. Ushbu yo‘nalish orqali jahon bozoridagi kunlik neft ta’minotining qariyb 2 foizi tashiladi.
Eksportning to‘xtatilishi Kaspiy quvur konsorsiumi terminalida Qozog‘iston neftini yuklayotgan tankerlarga dronlar hujum qilganidan keyin yuz berdi. 19-iyuldagi hujumda «Asia» va «Nissos Ios» kemalarida yong‘in chiqqan, biroq ekipajlar uni tezda o‘chirgan. Hodisada odamlar jabrlanmagan, dengizga neft to‘kilmagan va terminalning suvdagi yuklash qurilmalariga zarar yetmagan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Qozog‘iston O‘zbekistonga yangi elchi tayinlagani haqida yozgan edi.