Fransiyadagi o‘rmon yong‘inlari sabab 63 ming kishi ko‘chirildi

Fransiyaning janubi-g‘arbida davom etayotgan yirik o‘rmon yong‘inlari sabab Kap-Ferre yarimorolining barcha aholisi va sayyohlarini evakuatsiya qilishga buyruq berildi. Bu haqda BBC xabar bermoqda.
Hududdan o‘n minglab odamlar avtomobil yo‘li orqali olib chiqilmoqda, yuzlab kishilar esa qayiqda Arkason shahriga ko‘chirildi.
Fransiya ichki ishlar vaziri Loran Nunesning ma’lum qilishicha, Atlantika okeani va Arkaşon qo‘ltig‘i oralig‘ida joylashgan yarimorolda 40 mingga yaqin kishi evakuatsiya qilingan yoki hududni tark etish jarayonida. Kap-Ferredan chiqish uchun yagona quruqlik yo‘li hisoblangan D106 trassasi ochiq qoldirilgan, evakuatsiya uchun to‘rtta bandargohda qayiqlar ham ajratilgan.
Jironda mintaqasidagi yong‘in 21-iyul kuni Somos kommunasi yaqinida boshlangan. Olov shu vaqtgacha 8,7 ming gektar, ya’ni qariyb 21,5 ming akr maydonni qamrab oldi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 80 ta uy yonib ketgan, ularning 50 ga yaqini butunlay vayron bo‘lgan. Bordo aeroporti yaqinidagi yong‘inni o‘chirish vaqtida ikki nafar o‘t o‘chiruvchi halok bo‘ldi.
Boshqa hududlarda ham
Kap-Ferre yaqinidagi Ares shaharchasida ham evakuatsiya boshlandi. Payshanba kuni yarimorol hududidagi dam olish maskanlari va kempinglardan qariyb 20 ming kishi olib chiqilgan. La-Porj kommunasi aholisi ham xavfsiz hududlarga ko‘chirilgan. Mahalliy hokimiyat bo‘shatilgan uylarni talonchilik va vandalizmdan himoya qilish uchun nazorat o‘rnatilishini bildirdi.
Atlantika sohilidan janubroqda, Land departamentining Biskarros shahri atrofida boshlangan yana bir yirik yong‘in 23 mingdan ortiq kishining evakuatsiya qilinishiga sabab bo‘ldi. Biskarrosda 18 ming, Parentis-an-Born hududida esa 5 ming kishi o‘z uylari, kempinglar, qariyalar uyi va bolalar oromgohini tark etdi.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron mamlakatdagi yong‘inlar bilan bog‘liq vaziyatni, ayniqsa Jironda hududida, «juda keskin» deb baholadi. U Yevropa Ittifoqidan yordam so‘raganini ma’lum qildi. Yong‘inlarni o‘chirish uchun Xorvatiya, Portugaliya, Chexiya va Slovakiyadan maxsus samolyotlar yuborilishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Wildberries omborlariga hujumda qirg‘izistonlik xodim jarohat olgani haqida yozgan edi.