Toshkentda O‘zbekiston–Yaponiya qo‘shma universiteti tashkil etiladi

Toshkentda O‘zbekiston–Yaponiya qo‘shma universitetini tashkil etish bo‘yicha hamkorlik kelishuvi imzolandi. Yangi oliygohda dastlab sun’iy intellekt, raqamli transformatsiya va biznes boshqaruvi yo‘nalishlari bo‘yicha magistratura dasturlari yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
Kelishuv onlayn tarzda imzolandi
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov hamda Yaponiyaning Sukuba universiteti prezidenti Kyosuke Nagata videokonferensaloqa orqali hamkorlik kelishuvini imzoladi.
Kelishuv O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida ta’lim, ilm-fan va madaniy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan. Loyihaga ko‘ra, yangi universitet O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq mustaqil yuridik shaxs sifatida faoliyat yuritadi.
Uning ta’sischilari O‘zbekiston Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Sukuba universiteti muvofiqlashtiradigan Yaponiya universitetlari konsorsiumi bo‘ladi.
Dastlab magistratura dasturlari ochiladi
Universitetda ilk bosqichda sun’iy intellekt va raqamli transformatsiya hamda biznes boshqaruvi yo‘nalishlari bo‘yicha magistratura dasturlari tashkil etiladi.
Keyingi bosqichlarda doktorantura va bakalavriat dasturlarini ochish rejalashtirilgan. Ta’lim jarayoni ingliz tilida olib boriladi va Yaponiya oliy ta’limi modeli asosida tashkil etiladi.
Talabalar Yaponiyada qisqa muddatli o‘qishi mumkin
Loyiha doirasida talabalar uchun Yaponiyada qisqa muddatli ta’lim dasturlari tashkil etiladi. Shuningdek, yapon tili va madaniyatiga oid kurslar ham yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan.
Rejaga ko‘ra, 2026-yil sentyabr oyidan Toshkent shahrida universitetning tayyorgarlik ofisi ish boshlaydi. Magistratura dasturlariga ilk qabul 2028/2029-o‘quv yilidan amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2030-yilgacha O‘zbekistondagi kamida 5 ta OTM jahonning TOP – 500 reytingidagi universiteti qatoriga kiritish rejalashtirilgan. Shuningdek, 100 ta ta’lim dasturini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish va kamida 150 ta texnikumda xalqaro ta’lim dasturlarini joriy etish maqsad qilingan.