Google akkauntga selfi-video orqali kirish imkoniyatini ishga tushirdi

Google foydalanuvchilar uchun akkauntga kirishning yangi usuli — selfi-video orqali shaxsni tasdiqlash funksiyasini bosqichma-bosqich joriy etishni boshladi. Bu haqda GSMArena nashri xabar berdi.
Yangi texnologiya, avvalo, parolini unutgan foydalanuvchilarga akkauntni tiklash jarayonini soddalashtirishga qaratilgan.
Tizim qanday ishlaydi
Funksiyani faollashtirish uchun foydalanuvchi bir marta ekrandagi ko‘rsatmalarga amal qilgan holda boshini turli tomonga burab, qisqa selfi-video yozib oladi. Keyinchalik akkauntga kirishda tizim yangi video yozishni so‘raydi va uni avval saqlangan namuna bilan taqqoslab, foydalanuvchining shaxsini tasdiqlaydi.
Ma’lumotlar shifrlangan holda saqlanadi
Google ta’kidlashicha, selfi-videoni istalgan vaqtda akkaunt sozlamalari orqali o‘chirib tashlash mumkin. Yozuv faqat akkaunt egasini tasdiqlash maqsadida qo‘llaniladi va foydalanuvchi alohida rozilik bermasa, boshqa maqsadlarda ishlatilmaydi. Video shifrlangan ko‘rinishda saqlanadi.
Soxta tasvirlardan himoya kuchaytiriladi
Kompaniya yangi tizimda soxta surat va videolar yordamida firibgarlik qilish xavfini kamaytirishga qaratilgan bir nechta himoya mexanizmlari qo‘llanilganini ma’lum qildi. Mazkur imkoniyat hozircha bosqichma-bosqich foydalanuvchilarga taqdim etilmoqda. Uning mavjudligini Google akkaunti sozlamalari orqali tekshirish mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yevrokomissiya Google’ni 1 milliard dollarga yaqin jarimaga tortgai haqida yozgandi.