FIDE prezidenti lavozimiga oʻz nomzodimni ilgari surdim — Timur Turlov

eʼlon qilindi
Saylov 26 – 27-sentabr kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tadi
Foto: facebook.com / tmrturlov

Qozogʻiston shaxmat federatsiyasi prezidenti Timur Turlov Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) prezidenti lavozimiga oʻz nomzodini ilgari surganini ma’lum qildi. Bu haqda u oʻzining Telegram kanalida yozdi.

Turlovning aytishicha, 26 – 27-sentabr kunlari Samarqandda boʻlib oʻtadigan FIDE saylovlarida u bilan birga 2022-yildan buyon FIDE vitse-prezidenti lavozimida ishlab kelayotgan, jahonning koʻp karra chempioni Vishvanatan Anand ham nomzod sifatida ishtirok etadi.

«Shaxmat men uchun shaxsiy loyihaga aylandi»

Turlovning ta’kidlashicha, soʻnggi bir necha yil ichida shaxmat uning hayotidagi eng katta ishtiyoq va shaxsiy loyihalardan biriga aylangan.

«Bu yoʻnalishga juda koʻp kuch, vaqt va mablagʻ sarfladim. Qozogʻiston shaxmat federatsiyasidagi faoliyatim ba’zan biznesim bilan teng darajada hayotimning bir qismiga aylangan», – dedi u.

Uning qayd etishicha, Qozogʻistonda shaxmatni rivojlantirish imkoniyati mamlakat prezidenti qoʻllab-quvvatlovi tufayli yuzaga kelgan. Soʻnggi uch yarim yil davomida erishilgan natijalar esa mamlakatda qoʻllanilayotgan yondashuv oʻz samarasini berganini va uni jahon shaxmati darajasida ham tatbiq etish mumkinligini koʻrsatgan.

FIDEʼni yanada barqaror va raqamli qilishni maqsad qilgan

Turlovning aytishicha, saylovda gʻalaba qozongan taqdirda uning asosiy vazifasi FIDE faoliyatini yanada barqaror, muvozanatli va oʻzaro hamjihatlikka asoslangan tashkilotga aylantirish, shuningdek, federatsiyani raqamlashtirish boʻladi.

«Bu ma’noda men nafaqat oʻzimni, balki bugungi kunda dunyodagi eng raqamlashtirilgan davlatlardan biri boʻlgan Qozogʻistonni ham namoyon etaman. Samarqanddagi saylovdagi muvaffaqiyat mamlakatimiz uchun yana bir faxr va umumiy gʻalaba boʻlishiga ishonaman», – dedi Turlov.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Freedom Holding Corp. ChessBase global shaxmat platformasini sotib olgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek