Behruz Karimov faoliyatini Shveysariya klubida davom ettiradi — manba

Oʻzbekiston terma jamoasi va Termizning «Surxon» klubi himoyachisi Behruz Karimov faoliyatini Shveysariyada davom ettirishi mumkin. Championat.asia xabariga koʻra, 18 yoshli futbolchi yaqin vaqt ichida «Lugano» bilan shartnoma imzolashi kutilmoqda.
Manbada qayd etilishicha, tomonlar oʻrtasidagi kelishuv boʻyicha hujjatlarni rasmiylashtirish ishlari yaqin kunlarda yakunlanadi. Shundan soʻng Karimov yangi jamoasi ixtiyoriga borib qoʻshiladi. Hozircha «Lugano» va «Surxon» klublari ehtimoliy transfer haqida rasmiy maʼlumot bermagan.
JCh-2026 dan keyin Yevropa klublari qiziqish bildirdi
Behruz Karimov 2007-yilda tugʻilgan, asosan oʻng qanot himoyachisi sifatida toʻp tepadi. U 2025-yil fevralidan buyon «Surxon» sharafini himoya qilmoqda. Futbolchining amaldagi shartnomasi 2027-yil oxirigacha moʻljallangan.
Karimov 2026-yilgi jahon chempionatida Oʻzbekiston milliy jamoasi tarkibida maydonga tushdi. Turnirdan keyin unga Yevropaning bir qator klublari qiziqish bildirayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Avvalroq «Vest Hem» va «Vulverhempton» klublari ham himoyachini kuzatayotgani aytilgan edi.
«Lugano» Konferensiyalar ligasida qatnashadi
«Lugano» 1908-yilda tashkil etilgan boʻlib, Shveysariyaning tarixiy klublaridan biri hisoblanadi. Jamoa mamlakat chempionatida uch marta gʻolib chiqqan va toʻrt marta Shveysariya kubogini qoʻlga kiritgan. Klubning soʻnggi yirik sovrini 2022-yilgi mamlakat kubogi boʻlgan.
Jamoa 2025/26-yilgi Shveysariya Superligasini uchinchi oʻrinda yakunlab, UEFA Konferensiyalar ligasi ikkinchi saralash bosqichida ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Abduqodir Husanov «Manchester Siti» bilan shartnomasini 2031-yilga qadar uzaytirgani haqida xabar bergan edi.