Buxoro shahriga qariyb 4 ming gektar hudud qo‘shiladi

Buxoro shahrining 2043-yilgacha mo‘ljallangan bosh rejasi tasdiqlandi. Bu bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilindi.
Shahar aholisi 385 ming kishiga yetadi
Bosh rejaga ko‘ra, Buxoro aholisi hozirgi 289,2 mingdan 2043-yil oxiriga borib 385 ming kishiga yetishi kutilmoqda. Shahar hududi esa 7,97 ming gektardan 11,85 ming gektargacha kengaytiriladi.
Uy-joy fondining umumiy maydoni 4,46 mln kvadrat metrdan 8,09 mln kvadrat metrgacha oshiriladi. Aholining uy-joy bilan ta’minlanganlik darajasi bir kishi hisobiga 15,4 kvadrat metrdan 21 kvadrat metrgacha yetkazilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, Buxorodagi magistral ko‘chalar uzunligi 102,6 kilometrdan 203 kilometrgacha oshiriladi. Shahar transporti yiliga 163,8 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishi ko‘zda tutilgan.
Yashil hududlar 385 gektarga yetkaziladi
Umumiy foydalanishdagi ko‘kalamzor hududlar maydonini 2043-yil oxiriga qadar 385 gektarga, ya’ni aholi jon boshiga 10 kvadrat metrga yetkazish belgilangan.
Loyihada bo‘sh hududlarni o‘zlashtirish, yangi jamoat majmualarini qurish hamda madaniy, maishiy va kommunal obyektlarni amaldagi me’yorlarga moslashtirish nazarda tutilgan.
Tarixiy hududlarda rekonstruksiya, eskirgan binolarni buzish va ayrim mavzelarni mustahkamlash ishlari qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Tarixiy obidalar joylashgan hududlar atrofida transport harakatini tartibga solish ham rejalashtirilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Buxoro viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etilgani haqida xabar bergan edi.