Isroildagi elchixona o‘zbekistonliklarni ogohlantirdi

eʼlon qilindi
Yaqin Sharq mintaqasidagi vaziyat keskinlashishi ehtimoli mavjud
Foto: depositphotos.com

Isroildagi O‘zbekiston elchixonasi Yaqin Sharqdagi vaziyat keskinlashishi ehtimoli sababli ushbu davlatda yashayotgan yoki vaqtincha bo‘lib turgan fuqarolarni hushyor bo‘lishga va xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilishga chaqirdi. Bu haqda elchixona rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.

Vaziyat yuzasidan ogohlantirish

Elchixona ma’lum qilishicha, Yaqin Sharq mintaqasidagi vaziyat keskinlashishi ehtimoli mavjud. Shu munosabat bilan O‘zbekiston fuqarolariga shaxsiy xavfsizlik choralariga qat’iy rioya qilish tavsiya etildi.

Fuqarolarga qanday tavsiyalar berildi

Elchixona Isroil davlat organlari, jumladan, Fuqaro front orti qo‘mondonligi (Home Front Command) tomonidan berilayotgan rasmiy xabar va ko‘rsatmalarni muntazam kuzatib borish hamda ularga amal qilishni tavsiya etdi.

Shuningdek, yashash yoki ish joyiga eng yaqin boshpana manzilini oldindan aniqlash, safar va harakatlanishni rejalashtirishda ehtiyotkor bo‘lish, rasmiy cheklovlar va xavfsizlik bo‘yicha ogohlantirishlarni inobatga olish so‘ralgan.

Bundan tashqari, fuqarolarga shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni doimo yonida olib yurish va yaqinlari bilan doimiy aloqada bo‘lish tavsiya etilgan.

Faqat rasmiy ma’lumotlarga ishoning

«Elchixona vaziyatni doimiy ravishda kuzatib bormoqda. Iltimos, xotirjamlikni saqlang, tasdiqlanmagan ma’lumotlarni tarqatmang hamda faqat rasmiy manbalar axborotiga tayaning», deyiladi elchixona xabarida.

Elchixona bilan bog‘lanish

Elchixona bilan quyidagi telefon raqamlari orqali bog‘lanish mumkin:

  • 03-672-2466
  • 03-672-2371
  • 03-758-5075
  • 03-758-5076

Favqulodda va shoshilinch holatlar uchun: +972 54 485 1397.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Fransiya elchixonasi vizaga oid firibgarliklardan ogohlantirgani haqida yozgandi.

Shuningdek