Hakim Termiziyning 1200 yilligi keng nishonlanadi

2026-yilda buyuk mutafakkir, hadis va tasavvuf ilmining yirik namoyandasi Hakim Termiziy tavalludining 1200 yilligi respublika miqyosida keng nishonlanadi. Bu haqda Prezidentning tegishli qarori e’lon qilindi.
Xalqaro konferensiya o‘tkaziladi
Qarorga ko‘ra, 2026-yil noyabr oyida Termiz shahrida «Hakim Termiziy ilmiy-ma’naviy merosining bugungi kundagi ahamiyati» mavzuida xalqaro ilmiy konferensiya tashkil etiladi.
Asarlari yangi tarjimalarda chop etiladi
Hakim Termiziyning «Navodirul usul» va «Bahrut tafsir» asarlari, shuningdek, allomaning ilmiy merosiga oid boshqa manbalar o‘zbek va xorijiy tillarda ilmiy izohlar bilan akademik tarjima qilinib, nashr etiladi.
Bundan tashqari, 2026-yil davomida alloma ilmiy merosiga bag‘ishlangan turkum risolalar ham tayyorlanib, chop qilinadi.
Tanlov va kurash musobaqasi tashkil etiladi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan hamkorlikda diniy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida «Hakim Termiziy asarlari bilimdoni» tanlovi o‘tkazilib, g‘oliblar munosib taqdirlanadi.
Shuningdek, alloma tavalludining 1200 yilligi munosabati bilan 2026-yil noyabr oyida «Mardlar maydoni» shiori ostida Hakim Termiziy xotirasiga bag‘ishlangan kurash turniri yuqori saviyada tashkil etiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan yangi esdalik nishoni ta’sis etilgani haqida yozgandi.