O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi 7 mln so‘mdan oshdi

2026-yilning yanvar—iyun oylarida O‘zbekistonda o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 7 mln 91,1 ming so‘mni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18,4 foizga ko‘p. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Eng yuqori va eng past ish haqi qaysi hududlarda
Unga ko‘ra, hududlar kesimida eng yuqori o‘rtacha ish haqi Toshkent shahrida qayd etilgan bo‘lib, 12 mln 13,9 ming so‘mni tashkil qilgan. Ikkinchi o‘rinda Navoiy viloyati — 8 mln 722,7 ming so‘m.
Eng past ko‘rsatkich esa Qashqadaryo viloyatida kuzatilib, o‘rtacha ish haqi 4 mln 864,7 ming so‘mni tashkil etgan.
Ish haqi eng ko‘p qayerda oshdi
Viloyatlar orasida ish haqi o‘sish sur’ati bo‘yicha Jizzax viloyati yetakchilik qilmoqda. Bu hududda o‘rtacha ish haqi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 20,4 foizga oshgan.
Shuningdek, Namangan viloyatida o‘sish 19,4 foizni, Toshkent viloyatida 17,8 foizni, Samarqand viloyatida esa 17 foizni tashkil etgan.
Qaysi sohalarda eng yuqori maosh to‘lanmoqda
Iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha eng yuqori o‘rtacha ish haqi bank, sug‘urta, lizing, kredit va vositachilik sohasida qayd etilgan — 19 mln 100,2 ming so‘m.
Undan keyingi o‘rinlarda axborot va aloqa sohasi (17 mln 417,4 ming so‘m) hamda tashish va saqlash sohasi (11 mln 70 ming so‘m) joy olgan.
Ta’lim va tibbiyotda vaziyat qanday
Ta’lim sohasida o‘rtacha ish haqi 4 mln 977,1 ming so‘mni, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar yo‘nalishida esa 4 mln 440,3 ming so‘mni tashkil etgan.
Shu bilan birga, o‘sish sur’ati bo‘yicha tashish va saqlash (22,8 foiz), ta’lim (20,3 foiz), sog‘liqni saqlash (20,1 foiz) hamda qurilish (19,9 foiz) sohalari yetakchilik qilgan.
Hisob-kitob qanday shakllantirilgan
Milliy statistika qo‘mitasi ushbu ko‘rsatkichlar korxona va tashkilotlarning elektron statistika hisobotlari asosida shakllantirilganini ma’lum qildi. Statistikaga kichik korxonalar, mikrofirmalar hamda qishloq xo‘jaligi korxonalarining ma’lumotlari kiritilmagan.
Avvalroq «Kursiv» Belarusdagi o‘zbekistonlik ishchilarning maoshi $700 ga oshirilgani haqida yozgandi.