Belarusda aldanib qolgan o‘zbekistonlik vatanga qaytarildi

eʼlon qilindi
24-iyul kuni Belavia aviakompaniyasining Minsk–Toshkent reysi orqali O‘zbekistonga sog‘-salomat qaytdi
Belarusda aldanib qolgan o‘zbekistonlik vatanga qaytarildi
Foto: Dunyo AA

Belarusga ishlash maqsadida borgan, biroq ish beruvchi tomonidan aldanib, og‘ir moliyaviy ahvolda qolgan O‘zbekiston fuqarosi diplomatlar ko‘magida vatanga qaytarildi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.

Ish va’dasi amalga oshmadi

Unga ko‘ra, O‘zbekistonning Belarusdagi elchixonasiga fuqaro murojaat qilib, moliyaviy qiyinchilik sabab O‘zbekistonga qaytishda yordam so‘ragan.

Ma’lum bo‘lishicha, u joriy yil iyul oyida mehnat faoliyatini boshlash maqsadida Belarusga borgan. Ammo Minsk shahriga yetib kelganidan so‘ng uni ishga taklif qilgan shaxs aloqaga chiqmay qo‘ygan. Bir necha kunlik urinishlarga qaramay, ish beruvchi bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmagan va fuqaro mablag‘siz qolgan.

Diplomatlar amaliy yordam ko‘rsatdi

Vaziyatni inobatga olgan holda, elchixona xodimlari fuqaroning ariza va zarur hujjatlarini tezkor tartibda rasmiylashtirdi. Shuningdek, O‘zbekiston Migratsiya agentligi bilan hamkorlikda Migratsiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan uning nomiga vatanga qaytish uchun aviachipta xarid qilindi.

24-iyul kuni Toshkentga qaytdi

Ko‘rsatilgan yordam natijasida fuqaro 24-iyul kuni Belavia aviakompaniyasining Minsk–Toshkent reysi orqali O‘zbekistonga sog‘-salomat qaytdi.

Avvalroq «Kursiv» nashri o‘zbekistonliklarga Belarusda oilasi bilan ishlash imkoniyati yaratilgani haqida yozgandi.

Shuningdek