Yakunlangan haftada nimalar sodir bo‘ldi

eʼlon qilindi
20-26-iyul kunlari
Kontent tayyorlash markazi
Foto: Kontent tayyorlash markazi

Kursiv Uzbekistan 20-26-iyul kunlari mahalliy va xalqaro maydonda sodir bo‘lgan yangiliklarni bir joyga jamladi.

Ispaniya Jahon chempioni! «Qizil furiya» finalda Argentinadan ustun keldi

Foto: FIFA.com

AQShning Nyu-York shahrida futbol bo‘yicha Jahon chempionatining final uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda Ispaniya va Argentina terma jamoalari o‘zaro kuch sinashib, yakunda ispanlar amaldagi chempionlarini mag‘lubiyatga uchratdi.

Foto: FIFA.com

Uchrashuvni har ikki jamoaning asosiy yulduzlari Lamin Yamal va Lionel Messi boshlang‘ich tarkibda boshladi. Birinchi bo‘limda ispaniyaliklar faol harakat qilib, to‘p nazoratini o‘z qo‘llariga olishdi. Janubiy Amerika vakillari esa asosan qisqa va tezkor qarshi hujumlar tashkil etish bilan cheklanishdi.

Fond bozori: 18 ta yuqori likvidli aksiya haftani ijobiy yakunladi

Fond bozori: 15 ta tashkilot aksiyasi qimmatlashdi, ammo Trastbank aksiyalari keskin tushdi
Foto: depositphotos

«Toshkent» respublika fond birjasi (RFB)dan joy olgan yuqori likvidli aksiyalarning aksariyati 10-iyuldan 17-iyulgacha bo‘lgan davrda ijobiy dinamikani ko‘rsatdi. Ammo UCI fond indeksi 4,81 foizga tushdi.

Ushbu davr mobaynida «Buxoroneftgazparmalash» aksiyalari eng katta o‘sishga erishib, 14,13 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «Hamkorbank» (+9,90%) va «O‘zbektelekom» aksiyalarida (+7,13%) ham o‘sish qayd etildi.

Issiqda xodimlarni himoya qilish uchun hokimliklarga ko‘rsatma yuborildi

Issiqda xodimlarni himoya qilish uchun hokimliklarga ko‘rsatma yuborildi
Foto: Obodonlashtirish boshqarmasi

Anomal issiq ob-havo sharoitida ochiq havoda ishlayotgan obodonlashtirish xodimlarining sog‘lig‘ini himoya qilish bo‘yicha barcha hokimliklarga ko‘rsatma yuborildi. Davlat mehnat inspeksiyasi soat 10:00 dan 17:00 gacha xavfli ishlarni vaqtincha to‘xtatish va moslashuvchan ish rejimini joriy etishni talab qildi.

Hokimliklarga aniq talablar qo‘yildi

Ko‘rsatmada yuqori harorat xodimlar hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan hollarda ochiq havodagi ishlarni vaqtincha to‘xtatish belgilangan.

Islomiy bank qanday litsenziyalanadi: tartib belgilandi

bank
Foto: Wykop

O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi banklarni tashkil qilish va litsenziyalash tartibi joriy etildi. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi. Markaziy bank boshqaruvining «Bank faoliyatiga ruxsat berish tartibi va shartlari to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qarori davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Hujjat O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy etishga qaratilgan qonun asosida qabul qilingan. Qaror bilan islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi banklarni tashkil etish shartlari va ularning faoliyatini litsenziyalash tartibi belgilandi.

UzAuto Motors Onix, Tracker va Damas uchun to‘lov shartlarini o‘zgartirdi

UzAuto Motors Onix, Tracker va Damas uchun to‘lov shartlarini o‘zgartirdi
Manba: Chevrolet

UzAuto Motors kompaniyasi Chevrolet Onix, Tracker va Damas avtomobillarini foizsiz bo‘lib to‘lash shartlarini yaxshiladi. Bu haqda Autostrada nashri xabar bermoqda.

Onix va Tracker xaridorlari avtomobil qiymatining 30 foizini to‘lab, qolgan summani 40 oyda, 40 foizini to‘lab 49 oyda yoki 50 foizini to‘lab 62 oyda to‘lashi mumkin. Damas uchun esa boshlang‘ich to‘lovning 25, 30, 40, 50 va 60 foizlik variantlari taklif etilgan. Eng uzoq – 34 oylik muddat avtomobil narxining 60 foizi oldindan to‘langanda taqdim etiladi.

Dollar hamon 12 ming so‘mdan past: 22-iyul uchun valyutalar kursi e’lon qilindi

Dollar hamon 12 ming so‘mdan past: 22-iyul uchun valyutalar kursi e’lon qilindi
Foto: Depositphotos

22-iyul uchun valyutalar kursi yangilandi. Unga ko‘ra, dollar kursi 26,47 so‘mga oshib, 11 986,56 so‘mni tashkil etdi. Bu narx Valyuta birjasida bo‘lib o‘tgan savdolar asosida shakllantirildi. 

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, yevro 21,27 so‘mga oshib, 13 691,65 so‘mni, rubl esa 0,44 so‘mga tushib, 152,09 so‘mni tashkil etdi.

Lamin Yamalning avtomobillar kolleksiyasida qanday modellar bor

Lamin Yamalning avtomobillar kolleksiyasida nimalar bor
Foto: Syarah

Ispaniya terma jamoasi va «Barselona» futbolchisi Lamin Yamal nomi bir nechta avtomobil bilan bog‘lanmoqda. Syarah nashriga ko‘ra, ular orasida Audi RS7 Sportback, Range Rover va Cupra Formentor bor.

Yamal nomi eng ko‘p Audi RS7 Sportback bilan bog‘lanmoqda. Ayrim OAVda bu mashina futbolchiga tegishli bo‘lishi yoki uning shaxsiy aktivlari qatorida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi mumkinligi yozilgan.

«Moviy gumbaz» kafesidagi ruxsatsiz ta’mirlash ishlari to‘xtatildi

«Moviy gumbaz» kafesidagi ruxsatsiz ta’mirlash ishlari to‘xtatildi
Foto: Madaniy meros agentligi

Madaniy meros agentligi Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidagi «Moviy gumbaz» kafesida olib borilayotgan ta’mirlash ishlari bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi. O‘rganish davomida obyekt tom qismida vakolatli organ bilan kelishilmagan holda ta’mirlash ishlari amalga oshirilayotgani aniqlanib, ishlar zudlik bilan to‘xtatilgan.

Buxoro viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi

Buxoro viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi
Foto: Prezident matbuot xizmati

Soliq tushumlari bo‘yicha mavjud imkoniyatlar to‘liq ishga solinmayotgani tanqid qilindi. Buxoro viloyatida ayrim korxonalar faoliyati va QQS to‘lovlari bo‘yicha kamchiliklar qayd etilgach, viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi.

Yil boshidan soliq tushumlari 27 foizga ko‘payib, 130 trln so‘mdan oshgan. Shu bilan birga, qo‘shimcha tushum bo‘yicha yillik reja hozircha 40 foizga bajarilgani aytildi. Bu 12 trln so‘mni tashkil qiladi.

AQSh Green Card uchun 100 ming dollarlik kafolat puli joriy qilishi mumkin

AQSh Green Card uchun 100 ming dollarlik kafolat puli joriy qilishi mumkin
Foto: Getty Images

Tramp ma’muriyati AQShda doimiy yashash huquqi (Green Card)ni olishni istovchilar uchun $100 minglik kafolat puli (bond) joriy etish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

Davlat departamenti vakili Tommi Pigottning aytishicha, yangi tartib ayrim vizaga da’vogarlarning davlat yordamiga muhtoj bo‘lmasligini va o‘zini mustaqil ta’minlay olishini isbotlashga qaratilgan. Tashabbus Ichki xavfsizlik departamenti bilan hamkorlikda ishlab chiqilmoqda.

Marvel yangi «Qasoskorlar» filmining ilk treylerini e’lon qildi

Marvel yangi «Qasoskorlar» filmining ilk treylerini e’lon qildi
Foto: youtube.com/@marvel

Marvel Entertainment «Qasoskorlar: Qiyomat kuni» (Avengers: Doomsday) filmining ilk rasmiy treylerini taqdim etdi. Bu haqda Kommersant nashri xabar berdi.

Superqahramonlar haqidagi kartina 2026-yil 18-dekabr kuni kinoteatrlarda namoyish etiladi. Film Marvel kinematografik olamidagi 39-loyiha va oltinchi fazaning uchinchi kartinasi bo‘ladi. Uni avvalgi «Qasoskorlar» filmlarini suratga olgan aka-uka Entoni va Jo Russo rejissyorlik qilgan.

Yangi filmda «Qasoskorlar», «Fantastik to‘rtlik», «Momaqaldiroqlar» (Thunderbolts), «Yangi Qasoskorlar» va «X-Odamlar» ilk bor birgalikda Doktor Dumga qarshi kurash olib boradi.

Markaziy Osiyoda suv sanoati uchun 20 mln dollar grant ajratiladi

Markaziy Osiyoda suv sanoati uchun 20 mln dollar grant ajratiladi
Foto: Pexels

Jahon banki Markaziy Osiyoda transchegaraviy suv resurslarini boshqarishni yaxshilash uchun $20 mln miqdoridagi grant ajratadi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar berdi.

Bankning Ijrochi direktorlar kengashi 21-iyul kuni mintaqada suv hamkorligini rivojlantirishga qaratilgan yangi loyihani ma’qulladi. Uning amalga oshirilishi natijasida Markaziy Osiyodagi qariyb 40 mln kishi bevosita yoki bilvosita manfaatdor bo‘lishi kutilmoqda.

Fransiyada 15 yoshgacha bo‘lganlarga ijtimoiy tarmoqlar taqiqlandi

Foto: Getty Images

Fransiya Yevropada 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni rasman cheklagan ilk davlatga aylandi. Bu haqda BFMTV telekanali xabar berdi.

Mamlakat parlamenti yangi qonunni 279 ovoz bilan ma’qulladi, 81 deputat esa unga qarshi ovoz berdi.

Tramp Eronning yadro obyektlariga zarba berish bilan tahdid qildi

Tramp Eronning yadro obyektlariga zarba berish bilan tahdid qildi
Foto: Getty Images

AQSh prezidenti Donald Tramp Eron yadro dasturini qayta tiklashga uringan har qanday obyektga kuchli harbiy zarba berilishini ma’lum qildi. U bu haqda Oq uyda Livan prezidenti Jozef Aun bilan uchrashuv vaqtida jurnalistlarga gapirdi.

Trampning ta’kidlashicha, Vashington Eronning yadro faoliyati bilan bog‘liq deb hisoblagan har qanday hududni nishonga olishga tayyor. AQSh prezidenti Tehron yadro quroliga ega bo‘lish imkoniyatiga ega emasligini va Amerika harbiy operatsiyalari Eronning tegishli infratuzilmasini jiddiy zaiflashtirganini da’vo qildi. Bu bayonotlarning mustaqil tasdig‘i keltirilmagan.

«O‘zbekneftgaz», Enter Engineering va Eriell sobiq rahbarlari 10 yilga qamalishi mumkin

«O‘zbekneftgaz», Enter Engineering va Eriell sobiq rahbarlari 10 yilga qamalishi mumkin
Foto: «O‘zbekneftgaz»

«O‘zbekneftgaz» sobiq rahbari Bahodir Sidiqov va yana sakkiz kishiga nisbatan yuritilgan jinoyat ishi Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudiga kelib tushdi. Bu haqda Kursiv Uzbekistan muxbiriga Toshkent shahar sudi matbuot kotibi Tursunali Akbarov ma’lum qildi.

Sudlanuvchilar orasida «O‘zbekneftgaz» sobiq rahbari Bahodir Sidiqov, kompaniya sobiq boshqaruv raisi o‘rinbosari Baxtiyor Anarqulov, Eriell Management direktori Nodirjon Boboyev, Enter Engineering rahbari Ulug‘bek Usmonov va yana besh kishi bor.

Shomurodov va Fayzullayev UEFA turnirida yurishini boshlaydi

Shomurodov va Fayzullayev Yevropa yurishini boshlaydi
Foto: Getty Images

O‘zbekiston milliy terma jamoasi futbolchilari Eldor Shomurodov va Abbosbek Fayzullayev to‘p surayotgan «Istanbul Bashakshehir» yangi mavsumdagi ilk rasmiy uchrashuvini UEFA Konferensiyalar ligasida o‘tkazadi. Turkiya klubi musobaqaning ikkinchi saralash bosqichida Finlyandiyaning Turku shahri sharafini himoya qiluvchi «Inter» jamoasini qabul qiladi.

Uchrashuv 22-iyul kuni «Bashakshehir Fotih Terim» stadionida bo‘lib o‘tadi va Toshkent vaqti bilan soat 22:45 da boshlanadi. Bahsni ispaniyalik hakam Xuan Martines Munuera boshqaradi. Ushbu o‘yin Shomurodov va Fayzullayev uchun 2026-yilgi jahon chempionatidan keyingi ilk rasmiy klub uchrashuvi bo‘lishi mumkin.

Fayzullayev va Shomurodov maydonga tushgan bahsda «Istanbul Bashakshehir» «Inter Turku» bilan durang o‘ynadi

Fayzullayev va Shomurodov maydonga tushgan bahsda «Istanbul Bashakshehir» «Inter Turku» bilan durang o‘ynadi
Foto: Instagram/ «Istanbul Bashakshehir»

Turkiyaning «Istanbul Bashakshehir» klubi UEFA Konferensiyalar ligasi saralash bosqichida Finlyandiyaning «Inter Turku» jamoasi bilan 1:1 hisobida durang o‘ynadi. Uchrashuvda O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodov asosiy tarkibda maydonga tushdi, Abbosbek Fayzullayev esa ikkinchi bo‘limda zaxiradan o‘yinga qo‘shildi.

Bahsning 16-daqiqasida mehmonlar hisobni ochdi. Yasse Tuominenning uzatmasidan so‘ng Klinton Jefta to‘pni darvozaga yo‘llab, «Inter Turku»ni oldinga olib chiqdi. «Bashakshehir» birinchi bo‘lim davomida hisobni tenglashtirish uchun bir qator imkoniyatlar yaratdi.

FIFA taqiqi O‘rozovning transferiga ta’sir qiladimi

FIFA taqiqi O‘rozovning transferiga taqiq ta’sir qiladimi
Foto: Instagram/ Jahongir O‘rozov

Rossiya klublariga yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha ommaviy taqiq joriy etilishi haqidagi xabarlar Jahongir O‘rozovning Qozonning «Rubin» klubiga ehtimoliy transferi yuzasidan savollarni keltirib chiqardi. Rossiya futbol ittifoqi vakili esa bunday umumiy cheklov mavjud emasligini va bir klubga qo‘llangan sanksiya boshqa jamoalarga ta’sir qilmasligini bildirdi.

FIFA 14-iyul kuni Grozniyning «Axmat» klubiga yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha sanksiya qo‘lladi. Klub mazkur qarorni bekor qildirish uchun Sport arbitraj sudiga murojaat qilishni rejalashtirmoqda.

Minglab dollar xohlayotgan bo‘lsangiz Rossiyaga boring — Lukashenko maoshidan norozi bo‘lgan o‘zbekistonliklarga javob qaytardi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko mamlakatga jalb etilayotgan o‘zbekistonlik ishchilar bir necha ming dollar miqdorida maosh olishni kutmasligi kerakligini bildirdi. Uning aytishicha, «katta pul» topishni istaganlar Rossiyada, jumladan, neft konlarida ishlash imkoniyatini ko‘rib chiqishi mumkin.

Lukashenko 21-iyul kuni o‘tkazilgan selektor yig‘ilishida O‘zbekistondan ishchilarni jalb qilishdan asosiy maqsad shunchaki ularni ish bilan ta’minlash emas, balki Belarusda go‘sht, sut va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish ekanini aytdi.

Dollar oshdi: 24-iyul uchun valyutalar kursi e’lon qilindi

Dollar oshdi: 24-iyul uchun valyutalar kursi e’lon qilindi
Foto: Depositphotos

24-iyul uchun valyutalar kursi yangilandi. Unga ko‘ra, dollar kursi 53 so‘mga oshib, 12 101,84 so‘mni tashkil etdi. Bu narx Valyuta birjasida bo‘lib o‘tgan savdolar asosida shakllantirildi

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, yevro 70,13 so‘mga oshib, 13 811,83 so‘mni, rubl esa 0,87 so‘mga oshib, 153,75 so‘mni tashkil qildi.

Abduqodir Husanov «Manchester Siti» bilan shartnomani 2031-yilgacha uzaytiradi

Foto: Premier League

O‘zbekiston terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov «Manchester Siti» bilan yangi shartnoma shartlarini kelishib olishi kutilmoqda. The Athletic nashriga ko‘ra, yangi kelishuv 2031-yilgacha mo‘ljallangan bo‘ladi.

Husanovning klub bilan amaldagi shartnomasi 2029-yilgacha mo‘ljallangan. Biroq klub endi uni 2031-yilgacha uzaytirishga tayyorlanmoqda. Yangi kelishuv bo‘yicha rasmiy tasdiq yaqin vaqt ichida e’lon qilinishi kutilmoqda.

Shuningdek