
General Motors kompaniyasi Chevrolet’ning yangi 2027-yilgi Chevrolet Sonic krossoverini Kolumbiya bozorida rasman sotuvga chiqardi. Bu haqda GMAutority nashri xabar berdi.
Kompaniya Chevrolet Sonic yordamida Kolumbiyadagi boshlang‘ich darajadagi ixcham krossoverlar segmentida yetakchi o‘rinni egallashni va so‘nggi yillarda pasaygan bozor ulushini tiklashni rejalashtirmoqda.
GM Colombia rahbari Xuan David Roseroning ta’kidlashicha, yangi Sonic Chevrolet’ning mamlakatdagi SUV qatorini kengaytiradi hamda zamonaviy texnologiyalar, internetga ulanish imkoniyatlari va xavfsizlik tizimlarini birlashtiradi.

Kolumbiyada avtomobil Premier va RS komplektatsiyalarida taklif etilmoqda. Har ikki versiya texnologiya, xavfsizlik va qulaylik jihatidan boy jihozlangan bo‘lib, kichik krossoverlar segmentidagi eng yaxshi jihozlangan modellardan biri sifatida taqdim qilinmoqda.
Texnik xususiyatlari qanday
Chevrolet Sonic 1 litrli turbomotor bilan jihozlangan. Dvigatel 116 ot kuchi va 160 Nm atrofida aylanish momentini ishlab chiqaradi. U olti pog‘onali avtomatik uzatmalar qutisi bilan ishlaydi. Model faqat old g‘ildirakdan tortish tizimida sotiladi.

Avtomobilning balandroq osma tizimi Janubiy Amerikadagi notekis yo‘llarda qulaylik, tejamkorlik va boshqaruvchanlikni ta’minlash uchun moslashtirilgan. Xaridorlarga model uchun 70 dan ortiq qo‘shimcha aksessuar ham taklif qilinadi.
Chevrolet Sonic Kolumbiyaga General Motors’ning Braziliyadagi Gravatai zavodidan yetkazib beriladi. Hozirda ushbu korxona model ishlab chiqarilayotgan yagona zavod hisoblanadi.
Chevrolet Sonic Premier narxi $27,5 mingdan, Sonic RS esa qariyb $29 mingdan boshlanadi. Kompaniya yangi model, ayniqsa, yosh xaridorlar orasida ommalashishini kutmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet kompaniyasi yangi avtomobilini taqdim etgani haqida yozgan edi.