O‘zbekistonda aviakompaniyalar xavflilik darajasiga ko‘ra toifalarga bo‘linadi: tizim qanday ishlaydi

O‘zbekistonda fuqaro aviatsiyasi sohasida qonunchilik talablariga rioya etilishini nazorat qilish uchun «Xavfni tahlil qilish» elektron tizimi joriy etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Yangi tartibga ko‘ra, fuqaro aviatsiyasi sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subyektlarida qonunchilik buzilishi xavfi avtomatik ravishda baholanadi. Bunda davlat organlarining axborot tizimlari, statistik ma’lumotlar, fuqarolar va tashkilotlarning murojaatlari, ommaviy axborot vositalari hamda boshqa qonuniy manbalardan olingan ma’lumotlardan foydalaniladi.
Xavf besh yo‘nalish bo‘yicha avtomatik baholanadi
Xavfni tahlil qilish jarayonida tadbirkorlik subyektlaridan qo‘shimcha hujjat yoki ma’lumot talab etishga yo‘l qo‘yilmaydi. Baholash mavjud elektron bazalar va qonuniy manbalardagi axborotlar asosida amalga oshiriladi.
Tadbirkorlik subyektlarining xavf darajasi beshta yo‘nalish bo‘yicha aniqlanadi. Ular aerodromlar va yer usti qurilmalari, havo kemalarining parvozga yaroqliligi, havo kemalari ekspluatantlarining parvozlarni amalga oshirishi, uchuvchisiz uchish apparatlari ekspluatantlarining faoliyati hamda qidiruv va avariya-qutqaruv xizmatlarini qamrab oladi.
Past xavf toifasidagi tadbirkorlar tekshirilmaydi
Tahlil natijasida qonunbuzilish xavfi yuqori, o‘rta yoki past toifaga ajratiladi. Yuqori va o‘rta xavf guruhiga kirgan subyektlarda profilaktika tadbirlari hamda tekshiruvlar qonunchilikda belgilangan tartibda o‘tkaziladi. Past xavf toifasidagi tadbirkorlik subyektlarida esa tekshiruv tashkil etilmaydi.
Shu bilan birga, elektron tizimda aniqlangan xavf darajasi tadbirkorlik subyektiga nisbatan bevosita ta’sir choralarini qo‘llash uchun asos bo‘lmaydi. Ya’ni tizimning xulosasi avtomatik ravishda jarima yoki boshqa sanksiya qo‘llanishiga olib kelmaydi.
O‘zbekiston aviatsiya bozorida nimalar yuz bermoqda?
O‘tgan yil bahorida O‘zbekistonda 12 ta aviakompaniya faoliyat yuritgan, ularning umumiy aviaparki 93 ta samolyotdan iborat bo‘lgan. Joriy yil may oyi o‘rtalarida esa yangi tashkil etilgan Air Fergana kompaniyasi hali parvozlarni amalga oshirish uchun ruxsat olmagani ma’lum bo‘ldi.
IATA ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili O‘zbekistonda aviaqatnovlardan foydalangan yo‘lovchilar soni 12,5 mln nafarga yetgan. Bu bir yil avvalgi ko‘rsatkichga nisbatan qariyb 17 foizga ko‘pdir. Mazkur o‘sish O‘zbekistonning dunyodagi eng tez rivojlanayotgan aviatsiya bozorlari qatoriga kirishiga imkon berdi.
Joriy yil yanvar oyi boshidagi ma’lumotlarga ko‘ra, dunyodagi eng yirik aviatsiya bozori AQSh bo‘lib, mamlakatda 890,1 mln yo‘lovchi tashilgan. Keyingi o‘rinni 776,1 mln yo‘lovchi bilan Xitoy egallagan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Fitch Ratings UzAirports reytingi prognozini «Ijobiy» darajaga oshirgani haqida yozgan edi.