AQSh va Eron hujumlarni to‘xtatgach, neft narxi 6 foizdan ko‘proq tushdi

eʼlon qilindi
Brent narxi $90 atrofida savdo qilindi
AQSh va Eron hujumlarni to‘xtatgach, neft narxi 6 foizdan ko‘proq tushdi
Foto: ABC7 News

Dushanba kuni neft narxlari 6 foizdan ko‘proq pasaydi. Bunga AQSh va Eron ikki haftalik zarbalardan so‘ng dam olish kunlari hujumlarni vaqtincha to‘xtatgani hamda diplomatik yechimga umid kuchaygani sabab bo‘ldi, deya xabar berdi US News.

Brent narxi $90 atrofida savdo qilindi

Brent markali neft fyucherslari $6,20 yoki 6,4 foizga arzonlab, bir barrel uchun $90,58 ga tushdi. Savdo davomida narx qisqa vaqtga $90 darajasidan ham pastlagan.

AQShning WTI markali nefti esa $5,80 yoki 6,5 foizga tushib, bir barrel uchun $83,51 atrofida savdo qilindi.

Narxlar bir haftadagi eng past darajaga tushdi

Brent va WTI so‘nggi uch hafta davomida qimmatlashib kelgan edi. Hozir esa ikkala kontrakt ham qariyb bir haftadagi eng past darajada savdo qilmoqda.

Avvalroq Yaqin Sharqdagi mojaro kuchaygani sabab Brent narxi bir barrel uchun $100 ga yetgan edi. Mojaro Hormuz bo‘g‘ozi orqali neft tashishga ta’sir qilgan, keyin esa Qizil dengizga ham yoyilib, Saudiya Arabistonidan Osiyoga eksport yo‘nalishlariga bosimni oshirgan.

AQSh diplomatiyaga vaqt berishga qaror qildi

AQShning BMTdagi elchisi Mayk Uoltsning aytishicha, prezident Donald Tramp diplomatiyaga ko‘proq vaqt berish uchun AQSh hujumlarini vaqtincha to‘xtatishga qaror qilgan.

ING tahlilchilari neft narxining keskin pasayishini AQSh va Eron tomonidan yangi harbiy harakatlar bo‘lmagani bilan izohladi. Ularning fikricha, bozor keskinlik pasayishi mumkinligi haqidagi ijobiy xabarlarga juda sezgir munosabat bildirmoqda.

Hormuz bo‘g‘ozida qatnov sekin tiklanishi mumkin

Hujumlar to‘xtatilganiga qaramay, dam olish kunlari Hormuz bo‘g‘ozi orqali kuniga 10 tadan kam yuk kemasi o‘tgan.

Tahlilchilarga ko‘ra, bu yo‘nalishda qatnov tez tiklanmasligi mumkin. Ko‘plab tashuvchilar xavfsizlikka ishonch hosil qilmaguncha kemalarni Hormuz bo‘g‘oziga qaytarishga shoshilmaydi.

Bab-el-Mandeb bo‘g‘ozida ham xavf saqlanmoqda

Yakshanba kuni Bab-el-Mandeb bo‘g‘ozi orqali kemalar harakati ham kamaygan. Bunga Yaman husiylarining Saudiya Arabistonining Qizil dengiz sohilidagi neft obyektlariga hujumlari sabab bo‘lgan.

Shu bilan birga, uchinchi Xitoy supertankeri Bab-el-Mandeb orqali yo‘lni davom ettirgani aytilmoqda.

Yetkazib berish xavfi narxlarni yana ushlab turishi mumkin

Ayrim tahlilchilar Yaqin Sharqdagi kemachilik xavflari va Rossiya – Ukraina urushi sabab neft bozori hanuz bosim ostida qolishini kutmoqda.

UOB tahlilchilariga ko‘ra, agar yetkazib berishdagi uzilishlar davom etsa, neft narxlari yuqori darajada qolishi va global inflyatsiya uchun qo‘shimcha xavf yaratishi mumkin. Ukraina dam olish kunlari Rossiyaning bir nechta neft obyektlariga zarba berganini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hormuz bo‘g‘ozida neft tankeri minaga urilgani haqida xabar berilgandi. Rasmiy bayonotga ko‘ra, tanker Eron tomonidan belgilangan xavfsiz yo‘nalishdan chetga chiqqanidan so‘ng minaga to‘qnashgan. Hodisa oqibatida kemada portlash yuz bergan.

Shuningdek