Yangiyo‘l 1-oktabrgacha elektr va gaz ta’minoti bo‘yicha namunaviy tumanga aylantiriladi

Prezident raisligida o‘tgan yig‘ilishda Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanidagi elektr va gaz ta’minotidagi muammolar tanqid qilindi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.
Mutasaddilarga 1-oktabrgacha tumanni barqaror energiya ta’minoti yo‘lga qo‘yilgan namunaviy hududga aylantirish vazifasi yuklatildi.
300 mlnlik qo‘shimcha xarajat yuzaga kelishi mumkin
Yig‘ilishda Surxondaryoda qurilayotgan bug‘-gaz elektr stansiyasi uchun joy noto‘g‘ri tanlangani qayd etildi. Shu sabab gazni stansiyaga yetkazish uchun qo‘shimcha $300 mln dollar sarflashga to‘g‘ri kelayotgani ta’kidlandi.
Shuningdek, tashabbuskor bilan tuzilgan shartnoma yetarlicha puxta o‘rganilmagani oqibatida qo‘shimcha xarajatlar yuzaga kelishi mumkinligi aytildi. Mas’ullarga shartnoma shartlarini qayta ko‘rib chiqish topshirildi.
Bir qator rahbarlar ishdan olindi
Tizimdagi jiddiy kamchiliklar sabab energetika vaziri hamda «Hududiy elektr tarmoqlari» kompaniyasi rahbari lavozimidan ozod etildi.
Shuningdek, «Milliy elektr tarmoqlari», «Issiqlik elektr stansiyalari», «Transgaz» va «Hududgaz» rahbarlariga yil yakunigacha sinov muddati berildi. Natija bo‘lmasa, ular ham lavozimidan ozod etilishi haqida ogohlantirildi.
Prezident yangi energetika vaziri Sherzod Xodjayev, «Hududiy elektr tarmoqlari»ning yangi rahbari Sardor Isaqulov va Energiya inspeksiyasining yangi boshlig‘i Axad Isoqjonov bugundan boshlab yangicha ish uslubini joriy etishi shartligini ta’kidladi.
Yangiyo‘ldagi muammolar misol qilib keltirildi
Yig‘ilishda Yangiyo‘l tumanidagi holat misol sifatida ko‘rsatildi. So‘nggi besh yilda elektr energiyasi iste’moli 68 mln kilovatt-soatdan 102 mln kilovatt-soatga oshgan bo‘lsa-da, bu davrda atigi 60 ta transformator va 240 kilometr elektr tarmog‘i yangilangan.
Yil boshidan elektr tarmoqlarida 37 ta avariya sodir bo‘lgan, yo‘qotishlar esa 30 mln kilovatt-soatga yetgan.
Bundan tashqari, tumanda elektr energiyasi bo‘yicha debitor qarzdorlik 43 mlrd so‘mni, gaz ta’minoti bo‘yicha esa 188 mlrd so‘mni tashkil etgani qayd etildi.
Yangiyo‘lda maxsus shtab tuziladi
Prezident topshirig‘iga ko‘ra, Yangiyo‘l tumani aholisi va tadbirkorlarini elektr hamda gaz bilan barqaror ta’minlash uchun maxsus shtab tashkil etiladi. Unga energetika vaziri Sherzod Xodjayev rahbarlik qiladi.
Ikki hafta ichida tumandagi barcha mahallalarda energiya iste’moli o‘rganilib, transformatorlar va gaz taqsimlash qurilmalarini yangilash, hisoblagichlarni almashtirish hamda elektr va gaz yo‘qotishlarini ikki baravar kamaytirish bo‘yicha aniq dastur ishlab chiqiladi.
Prezident topshirig‘iga ko‘ra, barcha ishlar 1-oktabrga qadar yakunlanishi va Yangiyo‘l elektr hamda gaz ta’minoti bo‘yicha namunaviy tumanga aylantirilishi kerak.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Hududiy elektr tarmoqlari» rahbari ham ishdan olingani haqida yozgandi.