Yangi Toshkentdagi Milliy kutubxona joriy yilda ishga tushiriladi

eʼlon qilindi
Majmuada ishlarning 90 foizi bajarilgan
Foto: prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent shahrida barpo etilayotgan O‘zbekiston Milliy kutubxonasining yangi binosidagi qurilish ishlari bilan tanishdi. Umumiy maydoni 30 ming kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan majmuada ishlarning 90 foizi bajarilgan, obyektni joriy yilda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

To‘rt qavatli bino bir vaqtning o‘zida 1 420 nafar kitobxonga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Uning me’moriy yechimida milliy an’analar va zamonaviy uslub uyg‘unlashtirilgan.

Prezident qurilish va jihozlash ishlarini sifatli yakunlash, kutubxona fondi, raqamli xizmatlar hamda foydalanuvchilar uchun yaratiladigan sharoitlarni o‘zaro uyg‘un holda tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Elektron bazalardan foydalanish imkoniyati yaratiladi

Yangi kutubxonada kitob fondlarini saqlash, hisobga olish, ularning xavfsizligini ta’minlash va zararsizlantirish uchun maxsus yuqori texnologiyali xonalar tashkil etiladi.

Shuningdek, xalqaro va milliy yirik kutubxonalarning elektron bazalaridan onlayn foydalanish imkoniyati ham yaratiladi.

Ko‘zi ojiz fuqarolar uchun maxsus muhit bo‘ladi

Kutubxonada ko‘zi ojiz fuqarolar uchun maxsus o‘quv va tadqiqot muhiti yaratiladi. Bundan tashqari, majmuada 300 o‘rinli kafe, galereya, sport va dam olish hududlari barpo etiladi.

Shu tariqa, yangi Milliy kutubxona kitobxonlik, ilmiy izlanish va madaniy-ma’rifiy muloqotni birlashtiradigan zamonaviy markazga aylanishi kutilmoqda.

Yangi Toshkentdagi boshqa obyektlar ham ko‘zdan kechirildi

Tashrif davomida davlat rahbari Yangi Toshkent shahrining umumiy qurilish rejasi, Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti kampusi, «Yangi O‘zbekiston» universitetining yangi kampusi hamda 55 ming tomoshabinga mo‘ljallangan zamonaviy futbol stadioni qurilishi bilan ham tanishdi.

Yangi stadion qurilishining 65 foizi bajarilgan

Prezident Yangi Toshkentda barpo etilayotgan zamonaviy futbol stadionidagi qurilish ishlarini ham ko‘zdan kechirdi. 55 ming tomoshabinga mo‘ljallangan arena qurilishi 2025-yil noyabr oyida boshlangan. Ayni paytda bunyodkorlik ishlarining 65 foizi bajarilgan.

Stadion 2027-yilda 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionatining asosiy arenasi sifatida xizmat qiladi. Bu yerda musobaqaning yarim final va final uchrashuvlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Stadion yonida metro bekati quriladi

Olti qavatli sport majmuasi FIFA talablariga muvofiq barpo etilmoqda. Unda sportchilar, muxlislar va ommaviy axborot vositalari vakillari uchun zamonaviy sharoitlar yaratiladi.

Tomoshabinlarning qulay harakatlanishi uchun 10 dan ortiq eskalator o‘rnatiladi. Stadion hududida uchta mashg‘ulot maydoni va 5,5 ming o‘rinli avtoturargoh tashkil etiladi. Arena yaqinida metro bekati ham quriladi.

Inshootda «yashil energiya», «aqlli boshqaruv» va ekologik barqarorlik tamoyillariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrining Yashnobod tumanidagi Cho‘lpon mahallasida turarjoylar orasida ko‘p qavatli uy qurilishi uchun boshlangan loyiha bekor qilingandi. Endilikda mazkur hududda bolalar maydonchasi, sport maydoni va yashil hudud barpo etiladi.

Shuningdek