Jarima ballarini o‘chirib berishni va’da qilgan firibgarlar aniqlandi

eʼlon qilindi
Jarima ballari 12 balldan oshgan haydovchilar soni 700 nafardan ko‘paygan
Jarima ballarini o‘chirishni va’da qilgan firibgarlar aniqlandi
Foto: Kursiv Media

O‘zbekistonda haydovchilarga ma’lum haq evaziga jarima ballarini elektron bazadan o‘chirib berishni taklif qilayotgan firibgarlar paydo bo‘ldi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi axborot xizmati rahbari Zoyir Yo‘ldoshev ma’lum qildi.

Uning aytishicha, jarima ballari onlayn tarzda avtomatik hisoblanadi va tizim to‘liq himoyalangan. Shu sababli biror shaxsning ballarni bazadan o‘chirishi yoki natijalarni qo‘lda o‘zgartirishi mumkin emas. Bunday va’dalar faqat fuqarolarning pullarini qo‘lga kiritishga qaratilgan firibgarlik hisoblanadi.

YHXB vakili shunday holatga duch kelgan fuqarolardan zudlik bilan ichki ishlar organlariga murojaat qilishni so‘radi. Uning ta’kidlashicha, huquqni muhofaza qiluvchi organlar ijtimoiy tarmoqlarni muntazam kuzatib, zararli havolalar, shubhali e’lonlar va firibgarlik sxemalarini aniqlash hamda ularga nisbatan choralar ko‘rish ishlarini olib bormoqda.

Firibgarlik sxemasi qanday ishlaydi

Tekshiruvlar davomida jarima ballarini o‘chirib berishni taklif qiluvchi Telegram-kanallardan biri aniqlangan. Kanal ma’murlari xizmatdan go‘yoki avval ham ko‘plab haydovchilar foydalangani haqida taassurot uyg‘otish maqsadida soxta yozishmalar va minnatdorlik videolarini joylashtirgan.

Videolardan birida fuqaro o‘zida 8,5 jarima balli bo‘lgani, haydovchilik huquqidan ayrilishdan qo‘rqqani va Instagram’dagi reklama orqali mazkur «xizmat»ga murojaat qilganini aytadi. U to‘lovdan keyin bir soat ichida barcha jarima ballari MyGov va boshqa tizimlarda nolga tushganini da’vo qilgan. YHXB esa bunday videolar odamlarni aldash uchun tayyorlanganini, undagi ma’lumotlar haqiqatga mos emasligini bildirdi.

Zoir Yo‘ldoshevning ma’lum qilishicha, ayni paytda bunday kibernayranglar, kiberhujumlar va kiberjinoyatlarning oldini olish maqsadida tegishli mutaxassislar tomonidan nazorat tadbirlari o‘tkazilmoqda. Fuqarolardan shaxsiy ma’lumotlar, bank karta rekvizitlari va tasdiqlash kodlarini begona shaxslarga bermaslik so‘ralmoqda.

YHXB ma’lumotiga ko‘ra, jarima ballari 12 balldan oshgan haydovchilar soni 700 nafardan ko‘paygan. Ularning barchasini haydovchilik huquqidan mahrum qilish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda. Taqqoslash uchun, 11-iyul holatiga bunday haydovchilar soni 671 nafarni tashkil etgan edi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri XDP pulli avtoturargoh uchun jarimaga qarshi chiqqani haqida yozgan edi.

Shuningdek