
General Motors 2026-yilgi Chevrolet Silverado EV elektromobil-pikapining ayrim komplektatsiyalarida tashqi yon ko‘zgular jihozlarini yangiladi. Bu haqda GMAutority nashri xabar bermoqda.
Eng katta yangilanish LT komplektatsiyasiga tegishli bo‘lib, avval LT Standard Range va LT Extended Range versiyalari isitiladigan hamda elektr yordamida sozlanadigan DLF turidagi tashqi ko‘zgular bilan jihozlangan edi.
Endilikda ularga DX6 ko‘zgulari o‘rnatiladi. Yangi jihoz isitish va elektr sozlash funksiyalaridan tashqari, ko‘zgularni elektr yordamida bukish hamda haydovchi tomonidagi oynani avtomatik xiralashtirish imkoniyatini beradi.

LT Max Range versiyasida ko‘zgular holatini eslab qolish funksiyasi standart jihoz hisoblanadi. LT Extended Range’da esa ushbu imkoniyat Plus yoki Premium paketlaridan biri tanlanganda taqdim etiladi.
Chevrolet Silverado EV Trail Boss komplektatsiyasi ham yangilangan ko‘zgularni oldi. Trail Boss Extended Range avval DLF turidagi ko‘zgular bilan jihozlangan bo‘lsa, endilikda elektr buklanadigan va haydovchi tomonida avtomatik xiralashadigan DX6 tizimiga ega bo‘ladi. Plus yoki Premium paketlari tanlanganda ko‘zgular holatini xotirada saqlash funksiyasi ham qo‘shiladi.
Yangilanish nimalarni beradi

Work Truck versiyalariga yangilanish ta’sir qilmaydi. Ular avvalgidek isitiladigan va elektr yordamida sozlanadigan DLF ko‘zgulari bilan ishlab chiqariladi.
2026-yilgi Chevrolet Silverado EV ishlab chiqarilishi oktabr oyida yakunlanishi rejalashtirilgan. Shundan ko‘p o‘tmay, 2027-yilgi modelni ishlab chiqarish boshlanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet yangi avtomobilini sotuvga chiqargani haqida yozgan edi.