Yaponiyada 7,1 magnitudali zilzila yuz berdi, sunami xavfi e’lon qilindi

Yaponiyaning janubi-g‘arbidagi Kumamoto prefekturasida sodir bo‘lgan 7,1 magnitudali zilzila oqibatida binolar qulab tushdi, yong‘inlar yuzaga keldi va minglab xonadon elektr ta’minotisiz qoldi. Bu haqda Japan Wire nashri xabar berdi.
Rasmiylar sunami xavfi haqida ogohlantirib, aholini qirg‘oq hududlarini tark etishga chaqirdi.
Kumamotoda kuchli zilzila qayd etildi
Yaponiya meteorologiya agentligi (JMA) ma’lumotiga ko‘ra, 28-iyul kuni mahalliy vaqt bilan soat 16:35 da Kumamoto prefekturasida 7,1 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Yer silkinishining epimarkazi 10 kilometr chuqurlikda joylashgan.
Oradan yarim soat o‘tib hududda 5 ballgacha bo‘lgan takroriy zilzila kuzatildi. Mutaxassislar kuchli aftershoklar davom etishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.
Binolar qulab tushdi, yong‘inlar yuz berdi
NHK telekanali zilzila markaziga yaqin hududlarda bir nechta bino qulaganini xabar qildi. Uki shahrida ko‘plab yong‘inlar qayd etilgan, favqulodda xizmatlarga murojaatlar soni keskin oshgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bir necha kishi jarohat olgan.
Sunami xavfi e’lon qilindi
Yaponiya rasmiylari Ariake va Yatsushiro dengizlari bo‘yidagi hududlar uchun sunami xavfi haqida ogohlantirish berdi. Taxminan 1 metr balandlikdagi sunami to‘lqinlari kutilayotgani ma’lum qilinib, aholiga qirg‘oq hududlariga yaqinlashmaslik tavsiya etildi.
Bosh vazir Sanae Takaichi zilzila zonasidagi fuqarolarni ehtiyotkor bo‘lishga va rasmiy ko‘rsatmalarga amal qilishga chaqirdi.
48 mingdan ortiq xonadon elektrsiz qoldi
Kyushu Electric kompaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, Kumamoto prefekturasida 48,3 mingga yaqin xonadon elektr energiyasidan uzilgan. Kompaniya fuqarolarni uzilgan elektr simlariga yaqinlashmaslikka chaqirdi.
Shu bilan birga, hukumat mamlakatdagi atom elektr stansiyalarida, jumladan Kagosima prefekturasidagi Senday AESda hech qanday nosozlik aniqlanmaganini ma’lum qildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Venesueladagi zilzila qurbonlari 5 119 nafarga yetgani haqida yozgandi.