Putin O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan harbiy kelishuvlarni yangilamoqchi

eʼlon qilindi
Tegishli farmoyishlar 27-iyul kuni imzolangan va Rossiyaning rasmiy huquqiy axborot portalida e’lon qilingan
Putin O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan harbiy kelishuvlarni yangilamoqchi
Foto: TASS

Rossiya prezidenti Vladimir Putin hukumatga O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan harbiy-texnik hamkorlik bo‘yicha amaldagi kelishuvlarga o‘zgartirish kiritish yuzasidan muzokaralar boshlashga ruxsat berdi. Tegishli farmoyishlar 27-iyul kuni imzolangan va Rossiyaning rasmiy huquqiy axborot portalida e’lon qilingan.

Farmoyishlar ikki davlat bilan kelishuvlarga taalluqli

Hujjatlardan biri Rossiya va Qozog‘iston o‘rtasida 2013-yil 24-dekabrda imzolangan harbiy-texnik hamkorlik to‘g‘risidagi bitimga taalluqli.

Hujjat: The Insider

Ikkinchi farmoyish esa Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida 2016-yil 29-noyabrda tuzilgan harbiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish haqidagi shartnomaga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha muzokaralarni nazarda tutadi.

Hujjat: The Insider

Amaldagi kelishuvlar nimalarni qamrab oladi

Amaldagi shartnomalar faqat Rossiya qurol-yarog‘ini O‘zbekiston va Qozog‘istonga sotishni emas, balki harbiy maqsaddagi mahsulotlarning o‘zaro yetkazib berilishini ham tartibga soladi.

Bunday mahsulotlar qatoriga qurol-yarog‘ va harbiy texnika, ishlar va xizmatlar, harbiy-texnik axborot, texnologiyalar, intellektual faoliyat natijalari, konstruktorlik, texnik, texnologik va ekspluatatsion hujjatlar kiradi.

Shuningdek, kelishuvlarda qurollarni ta’mirlash va modernizatsiya qilish, qo‘shma tadqiqot va ishlanmalar, qo‘shma ishlab chiqarishlarni tashkil etish hamda mutaxassislar tayyorlash masalalari ham ko‘zda tutilgan.

Yetkazib berishlar maxsus ro‘yxatlar asosida amalga oshiriladi

Mazkur shartnomalar bo‘yicha yetkazib berishlar vakolatli tashkilotlar o‘rtasidagi kontraktlar asosida amalga oshiriladi.

Harbiy mahsulotlarni olib kirish va olib chiqish esa tomonlarning davlat organlari tasdiqlaydigan ro‘yxatlar bo‘yicha bajariladi. Shu bois kelishuvlar qurol-yarog‘, ehtiyot qismlar va ularga bog‘liq xizmatlarni nafaqat Rossiyadan O‘zbekiston va Qozog‘istonga, balki teskari yo‘nalishda ham yetkazib berishga imkon beradi.

Muzokaralar sanksiyalar fonida boshlanmoqda

Rossiya ushbu kelishuvlarni o‘zgartirishga Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan keyin joriy etilgan cheklovlar fonida tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qurol-yarog‘, harbiy mahsulotlar va ikki xil maqsadda ishlatilishi mumkin bo‘lgan keng turdagi tovarlar eksportini taqiqlagan. Ular orasida elektron va optik komponentlar, dvigatellar hamda dronlar uchun qismlar bor.

AQSh ham Rossiya harbiy sanoatini qo‘llab-quvvatlashi mumkin bo‘lgan texnologiyalar, dasturiy ta’minot va uskunalar yetkazib berish hamda reeksport qilishga qat’iy cheklovlar qo‘ygan.

G‘arb davlatlari 50 turdagi mahsulotga e’tibor qaratmoqda

AQSh, Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya va Yaponiya Rossiya qurol ishlab chiqarish uchun sotib olishga urinayotgan 50 toifadagi mahsulotlar ro‘yxatini tuzgan.

Bu ro‘yxatga mikrosxemalar, radionavigatsiya uskunalari, kondensatorlar, optik asboblar, podshipniklar, uchish apparatlari detallari va raqamli dasturiy boshqaruvga ega stanoklar kiradi.

G‘arb davlatlari bunday mahsulotlar sanksiyalarga qo‘shilmagan mamlakatlar orqali Rossiyaga yetib borishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda.

Qozog‘istondan Rossiyaga yetkazib berishlar bo‘yicha surishtiruv e’lon qilingan

27-iyul kuni The Insider Qozog‘istondan Rossiyaga harbiy radioelektronikada ishlatiladigan berilliy oksidi keramikasi yetkazib berilgani haqida surishtiruv e’lon qildi.

Surishtiruvga ko‘ra, Ukrainadagi keng ko‘lamli urushdan oldin bunday yetkazib berishlar yiliga taxminan $1 mlnni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich qariyb $8 mlnga yetgan.

Materialda Kaz Ceramics mahsulotlarini Rossiyada radarlar, havo hujumidan mudofaa tizimlari, o‘zini nishonga yo‘naltiruvchi kallaklar va raketa komponentlari ishlab chiqarish bilan bog‘liq korxonalar xarid qilgani aytiladi. Улар орасида С-300, С-400, «Панцирь», «Бук» komplekslari va «Iskander» raketalari yetkazib beruvchilari ham tilga olingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent va Samarqandda harbiy xizmatchilar ijara puli 25 foizga oshirilishi haqida xabar berilgandi. Kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, Toshkent va Samarqand shaharlarida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarga turar joyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun to‘lanadigan har oylik pul kompensatsiyasi miqdori 25 foizga oshiriladi.

Shuningdek