O‘zbekiston aeroportlarida yo‘lovchilar oqimi 16 foizga oshdi

2026-yilning yanvar—iyun oylarida O‘zbekiston aeroportlari orqali 8,15 milliondan ortiq yo‘lovchi tashildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 16 foiz ko‘p bo‘lib, reyslar soni 8 foizga, yuk va pochta tashish hajmi esa 33 foizga oshdi. Bu haqda Uzbekistan Airport matbuot xizmati xabar berdi.
Yo‘lovchilar soni 8 milliondan oshdi
2026-yilning birinchi yarmida mamlakat aeroportlari jami 64 831 ta reysga xizmat ko‘rsatdi. Shundan 47 371 tasi xalqaro, 17 460 tasi ichki qatnovlarga to‘g‘ri keldi.
Hisobot davrida aeroportlar orqali 8 mln 153 ming 470 nafar yo‘lovchi tashildi. Ularning 6,7 millionga yaqini xalqaro, 1,45 milliondan ortig‘i esa ichki reyslardan foydalangan.
Yuk tashish hajmi uchdan biriga oshdi
Yarim yil davomida aeroportlar orqali 51 ming 546 tonna yuk va pochta tashildi. Bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 33 foizga ko‘p bo‘ldi.
Eng katta yuklama Toshkent aeroportiga to‘g‘ri keldi
An’anaviy ravishda eng katta ko‘rsatkich Toshkent xalqaro aeroporti hissasiga to‘g‘ri keldi. Poytaxt aeroporti olti oy davomida 40 283 ta reys, 5,36 million yo‘lovchi hamda 48 ming tonnadan ortiq yuk va pochtaga xizmat ko‘rsatdi.
Yo‘lovchilar oqimining o‘sishiga yangi aviakompaniyalarning bozorga kirishi va Shanxay, Seul hamda Yerevan yo‘nalishlarining ochilishi, shuningdek, mahalliy aviakompaniyalarning xalqaro parvozlarni kengaytirgani sabab bo‘ldi.
Andijon aeroportida rekord o‘sish qayd etildi
Hududiy aeroportlar orasida eng yuqori o‘sish Andijon aeroportida kuzatildi. Yo‘lovchilar oqimi 2249 foizga oshdi. Bunga aeroportning rekonstruksiyadan so‘ng qayta ishga tushirilgani va zamonaviy keng fyuzelyajli samolyotlarni qabul qila boshlagani sabab bo‘ldi.
Shuningdek, Termiz aeroportida yo‘lovchilar oqimi 52 foizga, Urganchda 24 foizga, Nukusda esa 23 foizga ko‘paydi.
Ayrim aeroportlarda pasayish kuzatildi
Hisobotda Farg‘ona, Namangan, Qarshi va Navoiy aeroportlarida ayrim ko‘rsatkichlar pasaygani qayd etilgan. Bu holat yo‘nalishlar tarmog‘idagi o‘zgarishlar, ayrim yo‘nalishlarga talabning qayta shakllanishi hamda geosiyosiy omillar sabab aviakompaniyalar parvoz jadvallarini qayta ko‘rib chiqqani bilan izohlangan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Fitch Ratings UzAirports reytingi prognozini «Ijobiy» darajaga oshirgani haqida yozgandi.