Yaponiyada 7,1 magnitudali zilzila oqibatida 13 kishi halok bo‘ldi

eʼlon qilindi
Zilzila oqibatida o‘nlab jabrlanganlar shifoxonalarga olib ketilgan
Yaponiyada 7,1 magnitudali zilzila oqibatida 13 kishi halok bo‘ldi
Foto: Reuters

Yaponiyaning Kumamoto prefekturasida yuz bergan 7,1 magnitudali zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni kamida 13 nafarga yetdi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.

Yer silkinishi 28-iyul kuni Kyusyu orolida sodir bo‘lgan. Zilzila markazi Kumamoto shahridan qariyb 20 kilometr janubda, taxminan 10 kilometr chuqurlikda joylashgan. Tabiiy ofat binolar, yo‘llar va ko‘priklarga zarar yetkazgan, o‘n minglab xonadon elektr energiyasiz qolgan.

Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaiti qutqaruv ishlari vaqt bilan poyga sharoitida olib borilayotganini ta’kidladi. Uning aytishicha, hukumat vayronalar ostida qolgan imkon qadar ko‘proq odamni qutqarish uchun barcha mavjud kuch va vositalarni safarbar etmoqda.

Savdo markazida portlash va qulash yuz berdi

Eng og‘ir vaziyatlardan biri Aeon Mall Kumamoto savdo markazida qayd etildi. Zilziladan taxminan bir soat o‘tib binoda kuchli portlash sodir bo‘lgan va inshootning bir qismi qulab tushgan.

Qutqaruvchilar vayronalar ostidan sakkiz kishini olib chiqqan. Yoshi 20 lar atrofida bo‘lgan ikki ayol halok bo‘lgan. Portlashning aniq sababi hozircha aniqlanmagan, rasmiylar gaz sizib chiqishi ehtimolini ham ko‘rib chiqmoqda.

Yaponiya OAV ma’lumotlariga ko‘ra, qulashdan keyin savdo markazining 20–30 nafar xodimi bedarak yo‘qolgan deb hisoblangan. O‘t o‘chiruvchilar, politsiya va harbiylar yordam so‘rab qo‘ng‘iroqlar kelgan binoning ayrim qismlarida qidiruv ishlarini kuchaytirgan.

Qariyb 200 ta do‘kon joylashgan savdo markazi iyun oyida keng ko‘lamli rekonstruksiyadan keyin qayta ochilgan edi. Ushbu bino 2016-yilda Kumamotoda yuz bergan kuchli zilzila vaqtida ham zarar ko‘rgan.

Nippon Paper Industries korxonasida mo‘ri qulab tushishi oqibatida yana yetti kishi bedarak yo‘qolgan. To‘rt nafar fuqaro og‘ir jarohat olgan. Qidiruv-qutqaruv guruhlari korxona hududida ham ish olib bormoqda.

Foto: Reuters

260 ming kishi evakuatsiya markazlariga yuborildi

Zilzila oqibatida o‘nlab jabrlanganlar shifoxonalarga olib ketilgan. Ayrim tibbiyot muassasalari qisqa vaqt ichida ko‘plab bemorlarni qabul qilgani sababli haddan tashqari yuklama bilan ishlamoqda.

Uki shahridagi shifoxonalardan birida elektr ta’minoti uzilishi tibbiy uskunalar faoliyatida jiddiy muammolarni yuzaga keltirgan. Muassasa vakili shifoxonadagi vaziyatni dala gospitaliga qiyoslagan.

Boshqa bir shifoxona 86 nafar jabrlanganga yordam ko‘rsatganidan keyin yangi bemorlarni qabul qilishni vaqtincha to‘xtatgan. U yerga olib kelinganlarning uch nafari og‘ir jarohat olgan.

Rasmiylar Kumamoto prefekturasidagi qariyb 260 ming kishiga evakuatsiya markazlariga borishni tavsiya qildi. 36 mingdan ortiq uy elektr energiyasiz qolgan.

Hududdagi vaziyat yuqori harorat sababli yanada murakkablashmoqda. 29-iyul kuni havo harorati +34 darajagacha ko‘tarilishi kutilgani uchun hukumat evakuatsiya markazlarida issiq urishi holatlari ko‘payishidan xavotir bildirmoqda.

Aholi kelgusi bir hafta davomida yangi kuchli silkinishlar, shikastlangan binolarning qulashi va ko‘chkilar yuz berishi mumkinligi haqida ogohlantirildi. Yaponiya meteorologiya agentligi zilzila quruqlikda sodir bo‘lgani sababli tsunami xavfi e’lon qilinmaganini bildirdi.

Zavodlar faoliyati vaqtincha to‘xtatildi

Tabiiy ofat mintaqadagi yirik sanoat korxonalari faoliyatiga ham ta’sir ko‘rsatdi. Honda va mikrochip ishlab chiqarish uskunalarini yetkazib beruvchi Tokyo Electron hududdagi zavodlarini vaqtincha to‘xtatdi.

Dunyodagi eng yirik kontrakt chip ishlab chiqaruvchisi TSMC Kumamotodagi korxonasidan xodimlarni evakuatsiya qilgan. Kompaniya 28-iyul kechqurun zavod faoliyatini bosqichma-bosqich tiklay boshlagan.

Bir nechta avtomobil yo‘llarida yirik yoriqlar paydo bo‘lib, tirbandliklar yuzaga kelgan. Yo‘l infratuzilmasining shikastlanishi qutqaruvchilar, tez yordam va maxsus texnikalarning ayrim hududlarga yetib borishini qiyinlashtirmoqda.

Yaponiya Tinch okeanidagi seysmik jihatdan faol «Olov halqasi» hududida joylashgan. Mamlakatda kuchli zilzilalar muntazam ravishda qayd etiladi. Dunyoda sodir bo‘ladigan 6 va undan yuqori magnitudali zilzilalarning qariyb 20 foizi Yaponiya va uning atrofidagi hududlarga to‘g‘ri keladi.

Avvalroq «Kursiv» Yaponiyada 7,1 magnitudali zilzila yuz bergani haqida yozgan edi.

Shuningdek