Coca-Cola savdosi JCh – 2026 da 17 yillik rekordni yangiladi

Coca-Cola kompaniyasining asosiy ichimliklari savdosi futbol bo‘yicha 2026-yilgi Jahon chempionati doirasidagi reklama kampaniyasi fonida keskin oshdi. Bu haqda CNBC xabar bermoqda.
Kompaniya flagman Coca-Cola ichimligi sotuvlari yilning ikkinchi choragida 5 foizga ko‘payib, pandemiya davrini hisobga olmaganda, so‘nggi 17 yildagi eng yuqori choraklik o‘sishni qayd etdi.
Kompaniya bosh direktori Enrike Braunning CNBC telekanaliga ma’lum qilishicha, jahon chempionati uchun yo‘lga qo‘yilgan global marketing kampaniyasi ichimliklarga talab oshishining asosiy omillaridan biri bo‘lgan. Sport ichimligi Powerade savdosi ham hisobot davrida 8 foizga ko‘paydi.
Savdolar qanchaga oshdi
Coca-Cola’ning ikkinchi chorakdagi sof foydasi o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 16,27 foizga oshib, $4,43 mlrdga yoki har bir aksiya uchun $1,03 ga yetdi. Tuzatilgan foyda har bir aksiya uchun $0,97 ni tashkil etib, Wall Street tahlilchilarining prognozidan 4,3 foiz yuqori bo‘ldi.
Kompaniya daromadi yiliga 7 foizga o‘sib, $13,38 mlrdni tashkil etdi. Tahlilchilar bu ko‘rsatkichni $13,16 mlrd atrofida kutgan edi. Valyuta kurslari, aktivlarni sotish, qo‘shib olish va birlashuvlar ta’sirini hisobga olmaydigan organik daromad esa 6 foizga oshdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri 2026-yilda Coca-Cola’ga yangi bosh direktor tayinlanishi haqida yozgan edi.