O‘zbekistonlik shaxmatchilar AQShga mag‘lub bo‘ldi

Mayami shahrida o‘tkazilgan WR Chess Masters jamoaviy turniri AQSh terma jamoasi g‘alabasi bilan yakunlandi. AQSh shaxmatchilari O‘zbekiston jamoasini umumiy hisobda 14:10 hisobida mag‘lub etib, musobaqa chempioniga aylandi.
Musobaqada AQSh va O‘zbekistonning kuchli grossmeysterlari ishtirok etdi. AQSh jamoasi safida Fabiano Karuana, Hikaru Nakamura, Uesli So, Levon Aronyan va Leyner Dominges qatnashdi.

O‘zbekiston jamoasi sharafini Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov, Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin Vohidov va Muxiddin Madaminov himoya qildi.

Birinchi kun AQSh ustunligi bilan yakunlandi
Turnirning birinchi kunida rapid bahslari o‘tkazildi. Unda AQSh jamoasi 5:3 hisobida oldinga chiqib oldi.
Birinchi turda amerikaliklar 2,5:1,5 hisobida g‘alaba qozondi. Ikkinchi tur 2:2 hisobida yakunlandi. Shu turda Javohir Sindarov Hikaru Nakamurani 22 yurishda mag‘lub qilib, kunning eng yorqin natijalaridan birini qayd etdi.
Uchinchi turda AQSh yana 2,5:1,5 hisobida ustun keldi. To‘rtinchi turda esa O‘zbekiston jamoasi vaziyatni yaxshilab, 2,5:1,5 hisobida g‘alaba qozondi. Bu turda Nodirbek Abdusattorov Uesli Soni murakkab endshpilda mag‘lub etdi.
Blitzda ham kurash keskin kechdi

Ikkinchi kuni blitz bahslari bo‘lib o‘tdi. Bu yo‘nalishda AQSh 9:7 hisobida ustunlik qildi.
O‘zbekiston jamoasi kunni faol boshladi va ilk turda 2,5:1,5 hisobida g‘alaba qozondi. Shuningdek, to‘rtinchi va beshinchi turlarda ham o‘zbekistonlik shaxmatchilar amerikaliklarga jiddiy qarshilik ko‘rsatdi.
Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindarov tezkor partiyalarda tajribali raqiblarini qiyin ahvolga solib qo‘ydi.
Hal qiluvchi ustunlik yettinchi turda qo‘lga kiritildi
Musobaqaning hal qiluvchi pallasi yettinchi turga to‘g‘ri keldi. Unda AQSh jamoasi 3,5:0,5 hisobida yirik g‘alabaga erishdi.
Bu turda Hikaru Nakamura qora donalarda Muxiddin Madaminovni mag‘lub etdi. Levon Aronyan Javohir Sindarovdan ustun keldi. Uesli So esa O‘zbekistonning yetakchi shaxmatchilaridan biri — Nodirbek Abdusattorovni yengdi.
Shu g‘alabadan so‘ng AQSh jamoasi turnir yakunlanishidan bir tur oldin umumiy hisobda g‘alabani kafolatladi.
Yakuniy hisob 14:10 bo‘ldi
So‘nggi tur 2:2 hisobida yakunlandi. Natijada rapid va blitz bahslari bo‘yicha umumiy hisob 14:10 bo‘lib, AQSh jamoasi WR Chess Masters Miami turniri g‘olibiga aylandi.
O‘zbekiston jamoasi esa tajribali raqibga qarshi munosib kurash ko‘rsatdi. Ayniqsa, Abdusattorov va Sindarovning ayrim partiyalardagi g‘alabalari jamoaning imkoniyati yuqori ekanini ko‘rsatdi.
Musobaqa qanday formatda o‘tkazildi
Turnir Scheveningen jamoaviy formatida tashkil etildi. Har bir bosqichda to‘rtta taxtada partiyalar o‘tkazildi.
Birinchi bosqich rapid shaklida, 15 daqiqa va har yurishga 10 soniya qo‘shimcha vaqt bilan o‘ynaldi. Ikkinchi bosqich esa blitz formatida, 3 daqiqa va har yurishga 2 soniya qo‘shimcha vaqt bilan o‘tkazildi.
Har bir turdagi jamoaviy g‘alaba uchun 2 ochko, durang uchun 1 ochko, mag‘lubiyat uchun esa 0 ochko berildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Javohir Sindarov jahon toji uchun kim bilan bahslashishi haqida xabar berilgandi.