Oylik maosh — uchinchi masala: Lukashenko yana o‘zbekistonlik migrantlar haqida gapirdi

eʼlon qilindi
U hamkorlik faqat mehnat migrantlarini ishga joylashtirish bilan cheklanmasligini qayd etgan
Oylik maosh — uchinchi masala: Lukashenko yana o‘zbekistonlik migrantlar haqida gapirdi
Foto: «Pul pervogo»

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Vitebsk viloyatiga ishga kelgan O‘zbekiston fuqarolari masalasini muhokama qilib, o‘zbekistonlik ishchilar haqida «ularning maoshi – uchinchi masala», deya fikr bildirdi. Bu haqda Belta nashri ma’lum qildi.

Belarus rahbarining aytishicha, mamlakatda ishchi kuchi yetishmayapti, shu sababli O‘zbekiston fuqarolarini aniq ehtiyojdan kelib chiqib qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarga jalb qilish rejalashtirilgan.

Lukashenko hamkorlik faqat mehnat migrantlarini ishga joylashtirish bilan cheklanmasligini qayd etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston tomoni Belarusdan go‘sht va sut mahsulotlari yetkazib berilishiga qiziqmoqda hamda qishloq xo‘jaligi loyihalariga investitsiya kiritishga tayyor. Ishchi kuchiga ehtiyoj Vitebskdan tashqari Mogilyov, Gomel va Grodno viloyatlarida ham mavjud.

Kontekst

O‘zbekiston Migratsiya agentligi ma’lumotiga ko‘ra, 13-iyul kuni Andijon viloyatidan 200 nafardan ortiq fuqarolar charter reys bilan Belarusga yetib borgan. Ular Vitebsk viloyatida qishloq xo‘jaligi va chorvachilik sohalariga vaqtinchalik ishga joylashtirilgan. Pilot loyiha Andijon viloyati hokimligi, Migratsiya agentligi va Vitebsk viloyatining tegishli idorasi o‘rtasidagi uch tomonlama kelishuv asosida amalga oshirilmoqda.

Keyinchalik O‘zbekiston prezidenti huzuridagi taqdimotda Vitebsk viloyatiga uyushgan tartibda joylashtirilgan andijonliklar soni 255 nafar ekani ma’lum qilindi. Dastlabki bosqichda Belarusdagi 13 ta korxonaga tanlov asosida jami 1,1 ming nafar O‘zbekiston fuqarosini ishga joylashtirish rejalashtirilgan.

Sentabrdan boshlab Vitebsk viloyatiga har oy Andijondan 500 nafardan ishchi yuborish, ularning umumiy sonini 5 ming nafarga yetkazish ko‘zda tutilgan. Jarayonni muvofiqlashtirish uchun Vitebsk shahrida O‘zbekiston Migratsiya agentligining vakolatxonasini ochish rejalashtirilmoqda.

Aslida nima bo‘lgan

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda ayrim o‘zbekistonlik ishchilarning taklif qilingan maosh va yashash sharoitidan noroziligini bildirgan videosi tarqalgan edi. Keyingi videomurojaatda esa bahsli masalalar hal qilingani, ishchilar yangi shartlar asosida faoliyat boshlashi aytilgan. Vitebsk rahbariyati ham 28-iyul kuni kelishilgan ish haqi to‘lanayotganini ma’lum qildi.

Avvalroq «Kursiv» «Belarusga mehnat migratsiyasi: o‘zbekistonliklar uchun qanchalik manfaatli» nomli maqolasini e’lon qilgan edi.

Shuningdek