Samsung’ning yangi buklanuvchi smartfonlari rekord darajada oldindan buyurtma oldi

29-iyul 2026 17:43 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir l.turayeva@kursiv.media
Samsung’ning yangi buklanuvchi smartfonlari rekord darajada oldindan buyurtma oldi
Foto: Gizmochina

Samsung’ning yangi buklanuvchi smartfonlari — Galaxy Z Fold8 Ultra, Galaxy Z Fold8 va Galaxy Z Flip8 Hindiston bozorida rekord natija qayd etdi. Bu haqda Gizmochina nashri xabar berdi.

Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, taqdimotdan keyingi dastlabki 72 soat ichida 271 mingdan ortiq oldindan buyurtma rasmiylashtirilgan.

O‘tgan avlod natijasi uch baravar tez yangilandi

Taqqoslash uchun, o‘tgan yilgi Galaxy Z Fold7 va Galaxy Z Flip7 smartfonlari xuddi shunday natijaga erishishi uchun qariyb 15 kun vaqt talab qilingan. Bu esa yangi avlod qurilmalariga qiziqish sezilarli darajada oshganini ko‘rsatmoqda.

Buyurtmalarning qariyb yarmi kichik shaharlardan

Samsung ma’lumotiga ko‘ra, barcha oldindan buyurtmalarning 45 foizi Hindistonning ikkinchi darajali shaharlari va kichik hududlari hissasiga to‘g‘ri kelgan. Bu buklanuvchi smartfonlar endi faqat yirik megapolislarda emas, balki boshqa hududlarda ham ommalashayotganini anglatadi.

Galaxy S26 darajasidagi natija kutilmoqda

Kompaniya yangi buklanuvchi modellarning umumiy oldindan buyurtmalari Galaxy S26 flagman seriyasi ko‘rsatkichlariga yaqinlashishini kutmoqda.

Rossiya va Janubiy Koreyada ham talab yuqori

Yangi qurilmalar boshqa bozorlarda ham muvaffaqiyatli start oldi. Rossiyada birinchi kunning o‘zida oldindan buyurtmalar avvalgi avlodga nisbatan 20 foizga ko‘proq bo‘lgan. Janubiy Koreyada ham Galaxy Z Fold8 Ultra, Fold8 va Flip8 smartfonlari xaridorlar tomonidan faol xarid qilinmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Samsung Galaxy S25 smartfonining narxi pasaygani haqida yozgandi.

Shuningdek