Maktablarda dars soatlari yangi tartibda taqsimlanadi

Yangi o‘quv yilidan boshlab umumta’lim maktablarida dars soatlarini taqsimlashning yangi tartibi joriy etiladi. Ustuvorlik mezonlari qisqartirilib, asosiy e’tibor o‘qituvchilarning kasbiy salohiyati va malakasiga qaratiladi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan dars soatlarini taqsimlash tartibi o‘zgargani haqidagi xabarlarga rasmiy munosabat bildirdi.
Ustuvorlik mezonlari qisqartirildi
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yil 28-oktabrda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligining qo‘shma qarori bilan tegishli nizomga o‘zgartirishlar kiritilgan.
Natijada dars soatlarini taqsimlashda qo‘llaniladigan ustuvorlik mezonlari 19 tadan 10 tagacha qisqartirilgan.
Ayrim mezonlar bekor qilindi
Yangi tartibda barcha pedagoglar uchun teng imkoniyat yaratish maqsadida ayrim mezonlar bekor qilindi. Jumladan, dunyoning Top-1000 universitetlari bitiruvchisi bo‘lish yoki xalqaro va asosiy fan olimpiadalarida g‘olib bo‘lgan o‘quvchilarni tayyorlagan o‘qituvchi kabi ustuvorliklar endi hisobga olinmaydi.
Kasbiy salohiyat asosiy mezonga aylanadi
Endilikda dars soatlarini taqsimlashda o‘qituvchining kasbiy mahorati, faoliyat natijalari, fan bo‘yicha milliy yoki xalqaro sertifikatlari hamda zamonaviy kompetensiyalariga ustuvor ahamiyat beriladi.
Yangi tizim qachondan amal qiladi
Vazirlikning ta’kidlashicha, mazkur o‘zgarishlar dars soatlarini yanada shaffof va adolatli taqsimlash, o‘qituvchilarning ish yuklamasini kamaytirish hamda jarayonni soddalashtirish maqsadida ishlab chiqilgan.
Yangi tartib 2026–2027-o‘quv yilidan boshlab amaliyotga joriy etiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qozog‘iston maktablarida sun’iy intellekt o‘qitilishi haqida yozgandi.