O‘zbekiston eksporti oltinsiz o‘sdi, xizmatlar asosiy daromad manbaiga aylandi

2026-yilning birinchi yarmida oltin eksporti keskin kamayganiga qaramay, xizmatlar, to‘qimachilik va sanoat mahsulotlari eksporti sezilarli o‘sdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlari e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, 2026-yilning yanvar—iyun oylarida O‘zbekiston eksporti $15,9 mlrdni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 8,8 foizga kam.
Oltin eksporti keskin qisqardi
Eksportdagi pasayishning asosiy sababi oltin savdosining kamayishi bo‘ldi. O‘tgan yilning birinchi yarmida $6,5 mlrdlik oltin eksport qilingan bo‘lsa, joriy yilning shu davrida bu ko‘rsatkich $1,5 mlrdgacha tushdi. Natijada oltin eksporti 76,8 foizga qisqardi.
Xizmatlar eksporti rekord darajaga yetdi
Oltin hisobga olinmaganda esa eksport ijobiy o‘sishni namoyish etdi. Xizmatlar eksporti 35,7 foizga oshib, $6,2 mlrdga yetdi va umumiy eksportning 39,1 foizini tashkil etdi.
Xizmatlar tarkibida:
- sayohat va turizm — $3,3 mlrd;
- transport xizmatlari — $2 mlrd;
- telekommunikatsiya va IT xizmatlari — $545,3 mlnni tashkil etdi.
To‘qimachilik va sanoat mahsulotlari eksporti ham oshdi
Sanoat mahsulotlari eksporti 22,8 foizga o‘sib, $2,4 mlrdga yetdi. To‘qimachilik mahsulotlari eksporti esa 24,1 foizga ko‘payib, $1,6 mlrdni tashkil etdi.
Shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlari eksporti $1,3 mlrdga, kimyo mahsulotlari eksporti $1,28 mlrdga yetdi. Meva-sabzavot eksportidan $872,9 mln daromad olindi.
Rossiya asosiy eksport bozori bo‘lib qoldi
Hisobot davrida O‘zbekiston eng ko‘p Rossiyaga — $2,4 mlrdlik mahsulot va xizmat eksport qildi. Keyingi o‘rinlarni Xitoy ($1,4 mlrd), Afg‘oniston ($961,5 mln), Qozog‘iston ($717 mln) va Fransiya ($707,2 mln) egalladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Yashil» energiya ishlab chiqarish 23 foizga oshgani haqida yozgandi.