O‘zgarishsiz qolgan asosiy stavka, Dubayda 2,2 ming dollarlik ish — 29-iyul yangiliklari

Kursiv Uzbekistan 29-iyul kuni mahalliy va xalqaro maydonda yuz bergan yangiliklarni bir joyga jamladi.
Belarusga mehnat migratsiyasi: o‘zbekistonliklar uchun qanchalik manfaatli

Belarusda ishlayotgan o‘zbekistonlik mehnat migrantlari bilan bog‘liq holatlar bu yo‘nalishda imkoniyat bilan birga xavflar ham borligini ko‘rsatmoqda. Avvalroq bir guruh ishchilar uy-joy va ovqat xarajatlari ushlab qolinishi sabab va’da qilingan $500 maoshdan qo‘liga atigi $200 qolayotganini aytib, O‘zbekistonga qaytarishni so‘ragan edi. Keyinroq ular ish beruvchi bilan yangi kelishuvga erishilgani, oylik maosh $700 etib belgilangani, yashash joyi va tushlik bepul bo‘lishini ma’lum qildi. Kursiv Uzbekistan ekspert fikri va Migratsiya agentligi javobiga asosan Belarusda ishlash o‘zbekistonliklar uchun qanchalik manfaatli bo‘lishini o‘rgandi.
Migratsiya agentligining Kursiv Uzbekistanga ma’lum qilishicha, «Andijon viloyati – Vitebsk viloyati» pilot loyihasi doirasida 255 nafar o‘zbekistonlik Belarusga tashkillashtirilgan tartibda yuborilgan, yana 1,1 mingdan ortiq fuqarolar uchun ish o‘rinlari shakllantirilmoqda.
Javohir Sindarov jahon toji uchun kim bilan bahslashadi

O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov va amaldagi jahon chempioni, hindistonlik Gukesh Dommaraju o‘rtasidagi shaxmat bo‘yicha jahon chempionligi bahsi Shveysariyaning Jeneva shahrida o‘tkaziladi. Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuv 2026-yil 25-noyabrdan 15-dekabrgacha davom etadi.
Musobaqa jahon shaxmati tarixidagi eng yosh chempionlik bahsiga aylanadi. Match boshlanadigan paytda Sindarov ham, Gukesh ham 20 yoshda bo‘ladi. FIDE mezbonlik uchun Hindiston, AQSh va Kipr ham qiziqish bildirganini, biroq yakunda neytral hudud sifatida Jeneva tanlanganini ma’lum qildi.
Bunyodkor ko‘chasida yo‘l yopiladi, 6 ta avtobus yo‘nalishi o‘zgaradi

Toshkentda 28-iyul soat 23:00 dan boshlab Bunyodkor ko‘chasidagi qo‘shimcha yo‘l bo‘lagining bir qismi avtomobillar harakati uchun yopildi. Bu haqda Тоshkent shahar transport bosh boshqarmasi xabar berdi.
Yo‘lning qaysi qismi yopiladi
Cheklov Bunyodkor ko‘chasidagi qo‘shimcha yo‘l bo‘lagining Kichik halqa yo‘lidan, ya’ni «Chilonzor» metrosi hududidan Qatortol-2 ko‘chasigacha bo‘lgan bir tomonlama qismida amal qiladi.
Endi har yili mart oyi «Suvni tejash oyligi» bo‘ladi

O‘zbekistonda har yili mart oyida «Suvni tejash oyligi» tashkil etiladi, deya xabar berdi Adliya vazirligi. Bu davrda aholida suvni qadrlash va undan oqilona foydalanish madaniyatini keng targ‘ib qilish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Rahbarlar faoliyatiga yangi mezon kiritiladi
Prezident Farmoni bilan 2027-yil 1-yanvardan boshlab respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda xo‘jalik birlashmalari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari faoliyatini baholashda yangi mezonlar qo‘llanadi.
Markaziy bank asosiy stavkani yana 14 foiz darajasida qoldirdi

Markaziy bank boshqaruvi 2026-yil 29-iyuldagi yig‘ilishida asosiy stavkani o‘zgarishsiz yana 14 foiz darajasida qoldirdi.
Regulyator inflyatsiyani 5 foizlik maqsadli darajaga pasaytirish, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va aholining xarid qobiliyatini saqlash pul-kredit siyosatining asosiy vazifasi bo‘lib qolishini bildirdi.
O‘zbekistonliklar Dubayda oyiga 2,2 ming dollar maoshli ishga taklif etilmoqda

O‘zbekistonlik fuqarolar uchun BAAning Dubay xalqaro aeroportida yangi ish o‘rinlari e’lon qilindi. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, aeroportning biznes va birinchi toifa yo‘lovchilari uchun mo‘ljallangan maxsus kutish zallariga xizmat ko‘rsatish yo‘nalishi bo‘yicha 80 nafar xodim ishga qabul qilinadi.