2-guruh nogironlik nafaqasiga chiqarib berishni va’da qilgan shifokorlar ushlandi

eʼlon qilindi
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda
2-guruh nogironlik nafaqasiga chiqarib berishni va’da qilgan shifokorlar ushlandi
Foto: Pexels

Samarqand va Xorazm viloyatlarida fuqarolarni 2-guruh nogironlik nafaqasiga chiqarib berishni va’da qilib, pul olgan shifokorlar aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Departamentning Samarqand tumani bo‘limi o‘tkazgan tergovga qadar tekshiruvda tuman markaziy shifoxonasi bo‘lim shifokori bir fuqaroni 2-guruh nogironlik nafaqasiga chiqarish va hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga 5 mln so‘mni firibgarlik yo‘li bilan olgani aniqlangan. Mazkur mablag‘ning fuqaroga qaytarilishi protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.

Xorazmda ham

Departamentning Bog‘ot tumani bo‘limi o‘tkazgan tezkor tadbirda esa Hazorasp tuman tibbiyot birlashmasi shifokori yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali bir shaxsni 2-guruh nogironlik nafaqasiga chiqarib berishni va’da qilgan. U buning evaziga $300 talab qilib, kelishilgan pulning 3,6 mln so‘mini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining firibgarlik, shuningdek, pora berishga oid moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri ssanitariya xulosasi uchun 9 mln so‘m talab qilgan mansabdor shaxs ushlangani haqida yozgan edi.

Shuningdek