«Qo‘yliq»dan «O‘rikzor»gacha: Toshkentdagi 35 ta bozor sotiladi

Toshkent shahridagi 35 ta bozor, savdo kompleksi va ularning shoxobchalari ommaviy savdolarga chiqariladi. Bu prezidentning tegishli qarorida belgilandi.
Hujjatga ko‘ra, obyektlarni savdoga chiqarishda «Toshkent invest kompaniyasi» AJ buyurtmachi sifatida ishtirok etadi. Kompaniya har bir bozor va savdo kompleksi bo‘yicha tayyor biznes loyihasini ishlab chiqadi. Obyektlar ushbu loyihalar va investorlar uchun belgilanadigan majburiy shartlar asosida sotuvga qo‘yiladi.
Savdolarda bozorlar o‘rnida zamonaviy ekobozorlar, savdo va xizmat ko‘rsatish hamda ko‘ngilochar markazlar, shuningdek, ko‘p qavatli avtoturargohlar tashkil etish talabi qo‘yiladi. Bozorlarni sotishdan tushadigan mablag‘ning 1 foizi va obyektlarni savdoga tayyorlash bilan bog‘liq xarajatlar «Toshkent invest kompaniyasi»ga o‘tkaziladi.
Qaysi bozorlar sotiladi




Ommaviy savdolarga «Navro‘z dehqon bozori», «Chilonzor buyum savdo kompleksi», «Bekto‘pi savdo kompleksi», «Sergeli dehqon bozori», Sergelidagi foydalanilgan transport vositalari va ehtiyot qismlari bozori, «Parkent universal savdo kompleksi», «Yangiobod ixtisoslashgan bozori», «Aviasozlar», «Qoraqamish» va «Farhod» dehqon bozorlari, «O‘rikzor savdo kompleksi» hamda «Qo‘yliq dehqon bozori» chiqariladi.
Shuningdek, «Navro‘z dehqon bozori»ning «Bo‘z», «Yalang‘och», «Qorasuv-2», «Avayxon», «Navro‘z», «Ulug‘bek» va «Shirin» shoxobchalari, «Yunusobod dehqon bozori»ning «Ahmad Donish» va «TashGRES» shoxobchalari ham sotuvga qo‘yiladi. Ro‘yxatdan «Sergeli dehqon bozori»ning «Sergeli-7», «Sergeli-1», «Qo‘yliq-5», «Qo‘yliq-6» va «Quruvchilar» shoxobchalari ham o‘rin olgan.
Qarorda Toshkentdagi boshqa dehqon, oziq-ovqat, ixtisoslashtirilgan va buyum bozorlari shoxobchalari hamda ularning bo‘sh turgan maydonlarini master-rejalar asosida baholangan qiymatda elektron onlayn auksionga chiqarish ham nazarda tutilgan.
Avvalroq «Kursiv» eski shahardagi davlat mulki 68 mlrd so‘mdan auksionga qo‘yilgani haqida yozgan edi.