Neft ortayotgan tanker Qora dengizda dron hujumiga uchradi

eʼlon qilindi
Tanker palubasida yong‘in chiqqan
Neft ortayotgan tanker Qora dengizda dron hujumiga uchradi
Foto: podmoskovye.bezformata.com

Qora dengizda «Tengizshevroyl» yuk jo‘natuvchisining Nissos Sifnos tankeri neft yuklash vaqtida dron hujumiga uchradi. Kaspiy quvur konsorsiumi (KQK) ma’lumotiga ko‘ra, hodisadan so‘ng neft yuklash to‘xtatilgan, biroq quvur infratuzilmasi odatdagi rejimda ishlashda davom etmoqda.

Tanker palubasida yong‘in chiqqan

Konsorsiumga ko‘ra, dronlar neftni qabul qilish uchun ishlatiladigan manifoldlar hududiga zarba bergan. Buning oqibatida tankerning yuk palubasida yong‘in chiqqan.

Yong‘in tanker ekipaji va konsorsiumning uchta yordamchi kemasi ishtirokida o‘chirilgan. Jabrlanganlar yo‘q, neft to‘kilishi qayd etilmagan. Tanker suvda qolgan.

Yana bir tanker ham hujumga uchragan

KQK Qora dengizda Marathi nomli tanker ham dron hujumiga uchraganini ma’lum qildi. Konsorsium bunday hujumlar xalqaro energetika infratuzilmasi uchun xavf tug‘dirishini bildirdi.

KQK bayonotida energetika infratuzilmasiga kuch ishlatish global energetika xavfsizligi uchun xatar yaratishi qayd etildi. Konsorsiumga ko‘ra, bunday holatlar energiya resurslari bo‘yicha xalqaro savdo mexanizmlariga zarar yetkazadi.

Shuningdek, bu Qozog‘iston manfaatlariga, KQKning g‘arbiy aksiyadorlariga va yuk jo‘natuvchi kompaniyalarga ta’sir qilishi mumkin. Ular orasida Chevron, ExxonMobil, Eni, Total, Shell va boshqa kompaniyalar bor.

Qozog‘iston eksportining asosiy yo‘nalishi

KQK terminali Qozog‘iston neftini jahon bozoriga chiqarishdagi asosiy yo‘nalish hisoblanadi. U mamlakat eksportining qariyb 80 foiziga to‘g‘ri keladi.

Iyul oyida Qozog‘iston Qora dengizdagi tankerlarga hujumlar sabab Rossiyaning Novorossiysk portidagi KQK terminaliga neft yetkazib berishni vaqtincha to‘xtatgan edi. Buning natijasida mamlakatda neft qazib olish hajmi keskin kamaygan. Keyinroq terminal bir necha kunlik tanaffusdan so‘ng ishini qayta boshlagan.

Chevron Vashington bilan vaziyatni muhokama qilgan

The Wall Street Journal ma’lumotiga ko‘ra, Chevron Qora dengizdagi tankerlarga hujumlar oqibatlarini Oq uy bilan muhokama qilgan. Nashr manbalariga ko‘ra, shundan so‘ng Donald Tramp ma’muriyati Ukrainadan Qora dengizdagi hujumlarni cheklashni so‘ragan.

29-iyul, chorshanba kuni Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Yermek Kosherbayev KQK atrofidagi vaziyatni AQSh davlat kotibi Marko Rubio bilan muhokama qilgan. Qozog‘iston TIV suhbat natijalari haqida ma’lumot bermagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh va Eron hujumlarni to‘xtatgach, neft narxi 6 foizdan ko‘proq tushgani haqida xabar berilgandi. Brent markali neft fyucherslari $6,20 yoki 6,4 foizga arzonlab, bir barrel uchun $90,58 ga tushdi. Savdo davomida narx qisqa vaqtga $90 darajasidan ham pastlagan.

Shuningdek