O‘zbekiston va Qirg‘iziston ittifoqchilik munosabatlarini o‘rnatdi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iz Respublikasi prezidenti Sadir Japarov oliy darajadagi muzokaralar yakunida Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Shu bilan ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik rasman ittifoqchilik darajasiga ko‘tarildi.
Chegara va «Chashma» bulog‘i bo‘yicha hujjatlar imzolandi
Prezidentlar huzurida ikki tomonlama hujjatlarni almashish marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston–Qirg‘iziston davlat chegarasining ayrim uchastkalari to‘g‘risidagi shartnoma hamda «Chashma» bulog‘idan birgalikda foydalanish to‘g‘risidagi bitim imzolandi.

Shuningdek, davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlari, fuqarolarning o‘zaro kelib-ketishi va Issiqko‘l viloyatidagi kurort-rekreatsiya obyektlariga oid hukumatlararo bitimlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha bayonnomalar qabul qilindi.
Ijtimoiy soha va ta’lim bo‘yicha hamkorlik kengayadi
Tomonlar davlat ijtimoiy sug‘urtasi va pensiya ta’minoti, shuningdek oliy ta’lim sohasidagi kreditlarni o‘zaro tan olish bo‘yicha bitimlarni ham imzoladi.
Madaniyat, turizm va qishloq xo‘jaligi bo‘yicha qo‘shma rejalar tasdiqlandi
Muzokaralar yakunida 2026–2027-yillarga mo‘ljallangan madaniyat, turizm va agrosanoat majmuasi sohalaridagi qo‘shma harakatlar rejalari tasdiqlandi.
Bundan tashqari, Qirg‘izistonning Issiqko‘l viloyati Ton tumanida joylashgan «Bo‘ston» pansionati bo‘yicha shartnoma ham imzolandi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev va rafiqasi Qirg‘izistonda qanday kutib olingani haqida yozgandi.