Germaniyada issiq bilan bog‘liq o‘limlar 9,8 mingga yetdi

eʼlon qilindi
O‘lim holatlarining asosiy qismi iyunning ikkinchi yarmida kuzatilgan
Germaniyada issiq bilan bog‘liq o‘limlar 9,8 mingga yetdi
Foto: shutterstock

Germaniyada 2026-yilning 6-aprelidan 19-iyuliga qadar issiq ob-havo bilan bog‘liq o‘limlar soni qariyb 9,8 mingtaga yetdi. Bu 2016-yildan buyon qayd etilgan har qanday to‘liq yillik ko‘rsatkichdan yuqori, deya xabar berdi Robert Kox instituti.

O‘lim holatlarining asosiy qismi iyunning ikkinchi yarmida kuzatilgan. O‘sha davrda Germaniyaning ko‘plab hududlarida havo harorati 40 darajaga yaqinlashgan yoki undan oshgan. Jazirama kunlar bilan bog‘liq holda 5 mingdan ortiq o‘lim qayd etilgan.

Keksalar issiqdan ko‘proq zarar ko‘rmoqda

Institut ma’lumotlariga ko‘ra, vafot etganlarning 80 foizdan ortig‘ini 75 yosh va undan katta aholi tashkil qilgan. Issiq bilan bog‘liq o‘limlar ayollar orasida erkaklarga nisbatan ko‘proq kuzatilgan. Mutaxassislar buni katta yoshdagi aholi tarkibida ayollar ulushining yuqoriligi bilan izohlamoqda.

RKI ta’kidlashicha, yuqori harorat ko‘pincha o‘limning bevosita sababi sifatida ko‘rsatilmaydi. Odatda jazirama yurak-qon tomir, nafas olish tizimi yoki boshqa surunkali kasalliklarni kuchaytirib, bemorning ahvoli og‘irlashishiga olib keladi. Shu sababli issiq bilan bog‘liq o‘limlar ob-havo ma’lumotlari va umumiy o‘lim ko‘rsatkichlari asosida statistik usullar yordamida hisoblanadi.

Germaniyalik shifokorlar kasalxonalarni issiqdan himoyalash tizimlarini modernizatsiya qilish zarurligini bildirmoqda. Mamlakat klinikalaridagi bemorlar xonalarining taxminan uchdan bir qismigina konditsionerlar bilan jihozlangan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri hafta davomida qanday ob-havo kuzatilishi haqida yozgan edi.

Shuningdek