Fermerlarga dizel uchun 2 mln so‘m subsidiya beriladi

eʼlon qilindi
2026-yil 1-apreldan 1-iyulgacha davr uchun
Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonga fermerlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 7 mln yevro ajratadi
Foto: Unsplash

Paxta va bug‘doy yetishtiruvchi fermerlarga birja savdolari orqali xarid qilingan dizel yonilg‘isi qiymatining bir qismini qoplash uchun subsidiya ajratiladi. Agar dizelning 1 tonnasi 13 mln so‘mdan qimmat bo‘lsa, oshgan summaning 2 mln so‘mgacha bo‘lgan qismi davlat tomonidan qoplanadi.

Adliya vazirligi qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan birja savdolari orqali xarid qilingan dizel yonilg‘isi qiymatining bir qismini qoplash uchun subsidiya ajratish tartibi haqidagi vaqtinchalik nizomni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.

Subsidiya avtomatik ajratiladi

Yangi tartibga ko‘ra, paxta va bug‘doy yetishtiruvchi fermerlar 2026-yil 1-apreldan 1-iyulgacha davrda birja savdolari orqali xarid qilgan dizel yonilg‘isi uchun subsidiya olishi mumkin.

Buning uchun alohida ariza topshirish talab etilmaydi. Subsidiya proaktiv, ya’ni avtomatik tartibda ajratiladi.

Qaysi holatda subsidiya beriladi

Subsidiya faqat dizel yonilg‘isi birja savdolari orqali xarid qilingan bo‘lsa beriladi. Shuningdek, fermerning ekin maydonlari va ekin turlari Agropotal tizimiga kiritilgan bo‘lishi kerak.

Xarid qilingan dizel yonilg‘isi aprel–iyun oylarida agrotехnologik xaritada belgilangan agrotexnik ishlar uchun ishlatilgan bo‘lishi lozim.

Mablag‘ 3 ish kuni ichida o‘tkaziladi

Subsidiya miqdori Agropotal ma’lumotlari asosida avtomatik hisoblanadi.

Hisoblangan mablag‘lar tegishli agentlik tomonidan fermerning tijorat bankidagi maxsus hisobvarag‘iga 3 ish kuni ichida o‘tkaziladi.

Ma’lumot yetib bormasa, murojaat qilish mumkin

Agar texnik nosozlik yoki ma’lumotlar almashinuvidagi uzilish sabab fermer haqidagi ma’lumotlar agentlikka yetib bormasa, fermer yozma ravishda yoki Agropotal orqali elektron shaklda murojaat qilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Ekspert Dilshod Shodiyevning aytishicha, oxirgi uch yil ichida fermerlarning 30 foizining yeri olib qo‘yilgan. Uning fikricha, suvni tejovchi texnologiyalarni keng joriy qilish uchun faqat fermerlarni majburlash yetarli emas. Avvalo, ularning yerga bo‘lgan huquqi barqaror va ishonchli bo‘lishi kerak.

Shuningdek