
Toshkentning «Bunyodkor» klubi moliyaviy qiyinchiliklar sabab Superliganing 15-turidan o‘rin olgan «Qizilqum»ga qarshi uchrashuvda ishtirok etmaydi. O‘yin 2-avgust kuni Navoiy shahrida o‘tkazilishi kerak edi.
«Bunyodkor» 30-iyul kuni O‘zbekiston Professional futbol ligasiga rasmiy maktub yo‘llab, safar xarajatlarini qoplash uchun mablag‘ topa olmagani sabab Navoiyga bora olmasligini ma’lum qilgan. Klubda yo‘l chiptalari, mehmonxona, shuningdek, delegatsiya a’zolarining ovqatlanishi uchun zarur mablag‘ mavjud emas.
Klub Superligadan chetlatilishi mumkin
Musobaqa reglamentiga muvofiq, o‘tkazilmaydigan «Qizilqum» – «Bunyodkor» uchrashuvida Toshkent klubiga texnik mag‘lubiyat yoziladi. O‘zPFL mazkur bahsni tashkil etish bilan bog‘liq ishlarni to‘xtatgan.
Liga bayonotiga ko‘ra, mavsum davomida bunday holat yana takrorlansa, «Bunyodkor»ni Superligadan chetlashtirish masalasi O‘zPFL Ijroiya qo‘mitasi kun tartibiga kiritiladi.
Avvalroq klub bosh murabbiyi va ayrim futbolchilari jamoa a’zolari bir necha oydan buyon maosh olmaganini, shuningdek, mashg‘ulot bazasida ham muammolar mavjudligini bildirgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Jahongir O‘rozov transferi bo‘yicha summa aniq bo‘lgani haqida yozgan edi.