20 mlrd so‘m: «Hududgazta’minot» va Texnopark mas’ullari ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

eʼlon qilindi
273 ta gaz hisoblagich bo‘yicha zarar aniqlangan
20 mlrd so‘m: «Hududgazta’minot» va Texnopark mas’ullari ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Foto: depositphotos

Toshkent shahrida «Hududgazta’minot» AJ va «Texnopark» MChJ mas’ul shaxslari bilan bog‘liq holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bosh prokuratura huzuridagi Departament ma’lumotiga ko‘ra, elektron gaz hisoblagichlariga texnik xizmat ko‘rsatish bahonasida 19 mlrd so‘mlik budjet mablag‘i talon-toroj qilingani aniqlangan.

Mas’ullar til biriktirgani aytilmoqda

Departament tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda «Hududgazta’minot» AJ, «Texnopark» MChJning mas’ul shaxslari va boshqa shaxslar o‘zaro til biriktirgani aniqlangan.

Ular go‘yoki elektron gaz hisoblagichlariga texnik xizmat ko‘rsatish maqsadida ajratilgan 19 mlrd so‘mlik budjet mablag‘larini o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj etganlikda gumon qilinmoqda.

273 ta gaz hisoblagich bo‘yicha zarar aniqlangan

Shuningdek, «Texnopark» MChJ tomonidan ishlab chiqarilgan va «Hududgazta’minot» AJ tomonidan iste’molchilarga o‘rnatilgan 273 ta gaz hisoblagich ko‘rsatkichlari kam hisoblangani aniqlangan.

Buning oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 861,1 mln so‘mlik zarar yetkazilgani qayd etildi.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqandda 1,4 milliard so‘mlik tabiiy gaz talon-toroj qilingandi. Unga ko‘ra, «O‘rta Arabxona» MFY hududida yashovchi fuqaro tomonidan tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani fosh etildi.

Shuningdek