Odamlar dod deganicha bor — Saida Mirziyoyeva Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan qurilishlar haqida

eʼlon qilindi
Lolazor mahallasidagi o‘rganish davomida aholi tomonidan ekilgan daraxtlar kesilib, qo‘porib tashlangani, bolalar maydonchasi o‘rnida esa biznes markazi qurish rejalashtirilgani aniqlangan
Odamlar dod deganicha bor — Saida Mirziyoyeva Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan qurilishlar haqida gapirdi
Foto: Saida Mirziyoyeva/ Telegram

Toshkent shahrida aholi foydalanishi uchun ajratilgan hududlarda qurilish olib borishga berilgan ruxsatnomalar qonuniyligi to‘liq tekshiriladi. Bu haqda Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Mirobod tumanidagi Lolazor mahallasiga tashrifidan so‘ng ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, jamoat foydalanishi uchun mo‘ljallangan shahar hududlarida ofis yoki turarjoy binolari qurilmasligi, bunday joylar o‘z vazifasiga muvofiq aholiga xizmat qilishi kerak.

Lolazor mahallasidagi o‘rganish davomida aholi tomonidan ekilgan daraxtlar kesib, qo‘porib tashlangani, bolalar maydonchasi o‘rnida esa biznes markazi qurish rejalashtirilgani aniqlangan.

«Odamlar dod deganicha bor — qurilishlar tufayli poytaxtdagi umumiy hovlilar, o‘yin va sport maydonchalari tag-tugi bilan yo‘q qilib yuborilyapti», – dedi Saida Mirziyoyeva.

Ruxsatnomalar qonuniyligi o‘rganiladi

Prezident Administratsiyasi rahbarining bildirishicha, Bosh prokuratura Toshkent bo‘ylab shu kabi obyektlarni to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazadi. Tekshiruvda qurilishga berilgan ruxsatnomalarning qonuniyligi, shaharsozlik me’yorlariga amal qilingani va aholining huquqlari qay darajada ta’minlangani o‘rganiladi.

Qonunbuzarliklar aniqlangan taqdirda, mas’ul shaxslarga nisbatan murosasiz choralar ko‘rilishi aytildi. Saida Mirziyoyeva zarur hollarda aybdorlar ozodlikdan mahrum etilishigacha bo‘lgan javobgarlikka tortilishini ta’kidladi.

Avvalroq u Toshkentda yashil hududlar keskin yetishmayotganini bildirib, poytaxtga «yashil shahar» maqomini qaytarish va aholi uchun ko‘proq ochiq maydonlar yaratish asosiy vazifa ekanini aytgan edi.

Avvalroq «Kursiv» Saida Mirziyoyeva Fransiya tashqi ishlar vaziri bilan uchrashgani haqida yozgan edi.

Shuningdek