O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Ozarbayjon Birinchi xonimlari «Altin balalik» markaziga tashrif buyurdi

O‘zbekiston Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva Qirg‘iz Respublikasi Birinchi xonimi Aygul Japarova hamda Ozarbayjon Respublikasi Birinchi xonimi Mehribon Aliyeva bilan birgalikda Qirg‘izistondagi «Altin balalik» reabilitatsiya markaziga tashrif buyurdi. Bu haqda Mirziyoyeva rasmiy sahifasida ma’lum qildi.
Tashrif davomida oliy martabali mehmonlar markaz faoliyati bilan tanishib, tarbiyalanuvchilar uchun tashkil etilgan mahorat darslarini kuzatdi hamda bolalar bilan samimiy suhbatlashdi.
Madaniy dastur namoyish etildi

Mehmonlar sharafiga «Shattik» milliy raqs ansambli va yosh komuzchilar ansambli chiqish qildi. Shuningdek, «Aqilman» iqtidorli bolalar prezident litseyi tarbiyalanuvchilari tayyorlagan loy va kigizdan yasalgan buyumlar ko‘rgazmasi namoyish etildi.
«Do‘stlik daraxti» pannosiga yakuniy bezak tushirildi
Shundan so‘ng Birinchi xonimlar sohil hududi va san’at galereyasini ko‘zdan kechirdi. Galereyada Qirg‘izistonda o‘tkazilgan bolalar ijodiyoti bo‘yicha xalqaro tanlovlar g‘oliblari, jumladan, o‘zbekistonlik yosh rassomlarning ishlari namoyish etildi.

Tashrif dasturidan O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Ozarbayjon xalqlari do‘stligi ramzi bo‘lgan «Do‘stlik daraxti» nomli kigiz pannosiga yakuniy bezak elementini tushirish marosimi ham o‘rin oldi.
Ziroat Mirziyoyevaga changqo‘biz sovg‘a qilindi

Tashrif yakunida Qirg‘iz Respublikasi Birinchi xonimi Aygul Japarova O‘zbekiston Respublikasining Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyevaga qirg‘iz xalqining an’anaviy milliy musiqa asbobi – changqo‘bizni sovg‘a qildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev I darajali «Manas» ordeni bilan taqdirlangani haqida yozgandi.