Chevrolet Malibu haydovchi xavfsizligi bo‘yicha salbiy reytingdan joy oldi

31-iyul 2026 16:26 eʼlon qilindi

Sapura Temirxanova

Sapura Temirxanova

Muxbir temirxanovasapura@gmail.com
Chevrolet Malibu o‘lim darajasi yuqori avtomobillar qatoriga kirdi
Foto: GM Authority

Insurance Institute for Highway Safety (IIHS) hisobotiga ko‘ra, Chevrolet Malibu haydovchilar o‘limi ko‘rsatkichi eng yuqori bo‘lgan avtomobillar ro‘yxatiga kirdi. Tahlilda 2023-yilgi Malibu va unga teng model yillari bo‘yicha har 1 mln ro‘yxatdan o‘tgan avtomobil yiliga 116 ta haydovchi o‘limi qayd etilgani aytiladi.

Malibu ikki xil ro‘yxatda ham qayd etildi

IIHS real yo‘l-transport hodisalari ma’lumotlarini tahlil qilib, qaysi avtomobillarda haydovchi o‘limi ko‘proq uchrashini o‘rgandi.

Natijalarga ko‘ra, Chevrolet Malibu haydovchi o‘limi eng yuqori 20 ta model qatoriga kirdi. Model bo‘yicha har 1 mln ro‘yxatdan o‘tgan avtomobil yiliga 116 ta haydovchi o‘limi qayd etilgan.

Shuningdek, Malibu boshqa transport vositasi haydovchilari o‘limi bo‘yicha ham alohida ro‘yxatda tilga olingan. Bu ko‘rsatkich har 1 mln ro‘yxatdan o‘tgan avtomobil yiliga 91 tani tashkil etgan.

O‘rtacha ko‘rsatkich bundan pastroq

Foto: GM Authority

IIHS ma’lumotiga ko‘ra, barcha avtomobil turlari bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich har 1 mln ro‘yxatdan o‘tgan avtomobil yiliga 37 ta haydovchi o‘limi va boshqa avtomobil haydovchilari orasida 53 ta o‘limni tashkil qilgan.

O‘rta o‘lchamli avtomobillar segmentida esa o‘rtacha ko‘rsatkich mos ravishda 67 ta haydovchi o‘limi va boshqa transport vositasi haydovchilari orasida 65 ta o‘lim bo‘lgan.

Malibu ikkala xavfli ro‘yxatga kirgan to‘rt modeldan biri bo‘ldi

Chevrolet Malibu haydovchi o‘limi yuqori bo‘lgan va boshqa avtomobil haydovchilari o‘limi bo‘yicha ham yuqori natija ko‘rsatgan modellar orasida qayd etildi.

Bu ikki ro‘yxatda bir vaqtning o‘zida to‘rtta model bor: Chevrolet Malibu, Chevrolet Camaro, Dodge Charger RWD va Dodge Charger HEMI.

IIHSga ko‘ra, haydovchi o‘limi eng yuqori bo‘lgan avtomobillarning yarmidan ko‘pi kichik avtomobillar, sportkarlar yoki muscle car turidagi modellar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Kichik mashinalar yirik SUV va pikaplar oldida zaifroq

Foto: GM Authority

IIHS prezidenti Devid Xarkining aytishicha, kichikroq avtomobillar og‘ir SUV va yirik pikaplar bilan to‘qnashuvda noqulay holatda qoladi. Bunga transport vositalarining o‘lchami va vaznidagi farq sabab bo‘ladi.

U, shuningdek, sportkar va muscle car modellarida o‘lim ko‘rsatkichi yuqoriligiga bunday avtomobillarning qanday boshqarilishi ham ta’sir qilishini ta’kidlagan.

Tadqiqot 2021–2024-yillardagi avariyalarni qamrab oldi

IIHS tadqiqotida 2021–2024-yillarda sodir bo‘lgan o‘lim bilan yakunlangan avariyalar tahlil qilindi. Tahlil 2023-yilgi model avtomobillarni, shuningdek, katta yangilanish olmagan bo‘lsa, 2020-yilgacha bo‘lgan eski model yillarini ham qamrab olgan.

Model tahlilga kiritilishi uchun kamida 100 ming ro‘yxatdan o‘tgan avtomobil yili yoki kamida 20 ta o‘lim holati qayd etilgan bo‘lishi kerak edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Chevroletning sug‘urtasi eng arzon SUV modeli haqida ma’lumot berilgandi. Mercury Insurance tadqiqotiga ko‘ra, Chevrolet Blazer 2026-yilgi modellar orasida sug‘urtalash eng arzon bo‘lgan krossoverlardan biri deb topildi.

Shuningdek