Talabalar turarjoyi uchun arizalar qabuli boshlandi

1-avgustdan boshlab talabalar turarjoyiga joylashish uchun arizalarni my.gov.uz portali orqali yuborish mumkin. Arizalar qabuli o‘quv yili yakuniga qadar davom etadi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.
Arizalar my.gov.uz orqali yuboriladi
Talabalar Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-avgustdagi 376-son qarori bilan tasdiqlangan reglament asosida turarjoy uchun elektron ariza topshiradi.
Ariza yuborish jarayoni 1-avgustdan boshlandi. Talabalar uni my.gov.uz portalidagi tegishli xizmat orqali rasmiylashtirishi mumkin.
Avval imtiyozli talabalar joylashtiriladi
Reglamentga ko‘ra, dastlab imtiyoz va ustuvorlikka ega talabgorlar talabalar turarjoylariga qabul qilinadi.
Shundan keyin umumiy ro‘yxatdagi talabalar bo‘sh o‘rinlar soniga qarab navbat asosida joylashtiriladi.
Bo‘sh o‘rinlar kurslar bo‘yicha taqsimlanadi
Umumiy ro‘yxatdagi talabalar uchun yotoqxonada ortib qolgan o‘rinlar kurslar bo‘yicha taqsimlanadi.
1-kurs talabalari uchun joylarning 55 – 65 foizi, 2-kurs talabalari uchun 15 – 20 foizi, 3-kurs va undan yuqori kurs talabalari uchun esa 20 – 25 foizgacha qismi ajratiladi.
2026/2027-o‘quv yilida oliy ta’lim tashkilotlarining 1-bosqichiga tavsiya etilgan abituriyentlar yakuniy natijalar e’lon qilingandan so‘ng ariza yuborishi mumkin. Ular uchun ham joylar shu tartib asosida ajratiladi.
Vaqtincha ro‘yxatdan o‘tish ham avtomatlashtiriladi
Endi talabalar turarjoyiga joylashish va vaqtincha ro‘yxatdan o‘tish jarayoni kompozit, ya’ni birlashtirilgan xizmat orqali amalga oshiriladi.
Ilgari talaba yotoqxonaga joylashgandan keyin vaqtincha ro‘yxatdan o‘tish uchun alohida hujjat yig‘ib, boshqa idoralarga murojaat qilishi kerak edi. Endilikda bu jarayonlar birlashtiriladi.
Shartnoma va yo‘llanma elektron beriladi
Talabaning arizasi ko‘rib chiqilgach, unga elektron shartnoma va yo‘llanma taqdim etiladi.
Shartnomada ko‘rsatilgan to‘lov amalga oshirilgandan so‘ng kompozit xizmat ishga tushadi va vaqtincha ro‘yxatga olish uchun to‘lov shakllanadi. Ushbu to‘lov to‘langach, talabaga turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingani haqida qayd varag‘i beriladi.
Vaqtincha ro‘yxatga qo‘yish muddati to‘lov amalga oshirilgan kundan boshlab shartnomada ko‘rsatilgan muddatgacha amal qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, soliq va bojxona ma’murchiligini takomillashtirish, fiskal tahlillar instituti tomonidan talabalar stipendiyasi bo‘yicha bir qator takliflar berilgandi. Institut stipendiyalarni talabalarning ijtimoiy ahvoli va ehtiyojidan kelib chiqib manzilli taqsimlashni taklif etdi. Shuningdek, stipendiya miqdorini kamida minimal iste’mol xarajatlari darajasigacha oshirish, turarjoy ijarasi uchun beriladigan subsidiyalarni saqlab qolish hamda vazirliklar, idoralar va ish beruvchilar tomonidan ajratiladigan grantlarni kengaytirish taklif qilinmoqda.