Chevrolet Tracker 2026 qachondan ishlab chiqarilmaydi

2-avgust 2026 07:42 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Chevrolet Tracker 2026 qachondan ishlab chiqarilmaydi
Foto: Chevrolet

Chevrolet kompaniyasi AQShda Chevrolet Tracker 2026 modeli ishlab chiqarilishini 2026-yil 31-dekabrda yakunlashi mumkin. GM Authority ma’lumotlariga ko‘ra, General Motors ishlab chiqarish jadvali hozircha dastlabki bo‘lib, belgilangan muddat keyinchalik o‘zgarishi mumkin.

Model haqida nimalar ma’lum

2026-yilgi Chevrolet Tracker’ni yig‘ish 2025-yil 7-iyulda boshlangan. Agar amaldagi jadval saqlanib qolsa, modelning ishlab chiqarish davri qariyb 18 oy davom etadi. Bu avtomobil sanoatidagi odatiy model yili sikliga nisbatan ancha uzoq muddat hisoblanadi.

Foto: Chevrolet

Ishlab chiqarish muddatining uzaytirilishi Tracker’ning yangilangan versiyasi rejalashtirilayotgani bilan bog‘liq. Krossoverning 2027-yilgi modeli yangi avlod sifatida emas, balki joriy avlodning o‘rta sikldagi yangilanishi sifatida taqdim etilishi kutilmoqda. Uning ishlab chiqarilishi odatdagi model yili jadvalidan kechroq, 2027-yil davomida boshlanishi mumkin.

Yangi Tracker qachon chiqadi

Foto: Chevrolet

Yaqinda sinovdan o‘tkazilayotgan yangilangan Tracker prototiplari kamuflyajlangan holda suratga olindi. Tasvirlarda avtomobilning old va orqa qismi qayta ishlangani ko‘rinadi. General Motors Chevrolet Tracker va Trailblazer modellarini bir vaqtning o‘zida yangilashga tayyorlanayotgani ham xabar qilingan.

Foto: Chevrolet

Chevrolet hozircha yangilangan model haqida rasmiy tafsilotlarni oshkor etmadi. Biroq Tracker tashqi ko‘rinishi brendning yangi dizayn uslubiga moslashtirilishi, salon, multimedia tizimi va boshqa texnologiyalar ham takomillashtirilishi kutilmoqda.

Modelning amaldagi avlodi 2024-yilgi model sifatida bozorga chiqarilgan. Nisbatan hamyonbop narx, keng salon va zamonaviy dizayn krossoverga xaridorlar orasida yuqori talabni ta’minladi. Reja o‘zgarmasa, 2026-yil 31-dekabrda joriy model ishlab chiqarilishi tugab, kompaniya yangilangan 2027-yilgi Chevrolet Tracker’ga o‘tadi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri yangi Chevrolet Tracker avtomobili haqida yozgan edi.

Shuningdek