Chevrolet Sonic 2027 qanday versiyalar bilan chiqadi

3-avgust 2026 07:35 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Chevrolet Sonic 2027 qanday versiyalar bilan chiqadi
Foto: Chevrolet

General Motors Janubiy Amerika bozorida Chevrolet Sonic 2027 krossoverining komplektatsiyalar qatorini kengaytiradi. Bu haqda GMAutority nashri xabar bermoqda.

Yaqin oylarda modelning hozirgi Premier va RS versiyalariga qo‘shimcha ravishda nisbatan hamyonbop variantlar ham taqdim etilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda GM’ning Janubiy Amerikadagi prezidenti Tomas Ovsyanski ma’lum qildi.

Foto: GMAutority

Uning aytishicha, Sonic Braziliyada tez sur’atlarda o‘sayotgan ixcham krossoverlar segmentida muhim o‘rin egallaydi. Kompaniya yangi model yordamida mintaqadagi savdo hajmi va bozor ulushini oshirishni ko‘zlamoqda. Chevrolet avtomobilni Braziliya, Argentina va Kolumbiyadan tashqari Janubiy Amerikaning boshqa davlatlarida ham sotishni rejalashtirgan.

Nimalar ma’lum

Hozircha yangi komplektatsiyalarning texnik xususiyatlari ochiqlanmagan. Biroq Sonic qatoriga Premier va RS’dan pastroq joylashadigan kamida bitta versiya qo‘shilishi kutilmoqda. Bu modelga o‘z segmentidagi ommabop va arzonroq krossoverlar bilan bevosita raqobatlashish imkonini beradi.

Foto: Chevrolet

Kelajakda Chevrolet Sonic benzin hamda etanol aralashmasida ishlaydigan gibrid kuch qurilmasini ham olishi mumkin. Bunday modifikatsiya General Motors’ning Janubiy Amerikadagi avtomobillarni bosqichma-bosqich elektrlashtirish strategiyasining bir qismi bo‘lishi kutilmoqda.

Qayerda chiqadi

Yangi versiyalar dastlab Braziliyada 2026-yil oxirigacha namoyish etilishi va sotuvga chiqarilishi mumkin. Keyinchalik ular boshqa Janubiy Amerika mamlakatlarida ham paydo bo‘ladi. Hozirda 2027-yilgi Chevrolet Sonic’ning Premier va RS komplektatsiyalari Argentina, Kolumbiya, Urugvay hamda Paragvay bozorlarida taqdim etilgan. Yaqin vaqt ichida model Peru va yana bir nechta mamlakatda sotila boshlashi rejalashtirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri yangi Chevrolet Sonic 2027 qanday imkoniyatlar bilan chiqishi haqida yozgan edi.

Shuningdek