
FIFA prezidenti Janni Infantino tashkilotning yangi tijoriy loyihasi doirasida yillik daromadini qariyb o‘n baravar — 3 mln yevrodan 30 mln yevrogacha oshirishi mumkin edi. The Times FIFA hujjatlariga tayanib xabar berishicha, bunday imkoniyat jahon chempionatlarining tijoriy huquqlarini boshqarishga mo‘ljallangan yangi kompaniya tashkil etilishi bilan bog‘liq bo‘lgan.
Infantino asosiy maoshidan tashqari FIFA Forward Enterprise kompaniyasiga rahbarlik qilgani uchun qo‘shimcha mukofotlar ham olishi mumkin edi. FIFA ushbu kompaniyani tashkilotning tijoriy aktivlarini boshqarish maqsadida tuzishni rejalashtirgan.
Nimalar ma’lum
Loyiha haqidagi ma’lumotlar 28-iyul kuni oshkor bo‘lgan. Rejaga ko‘ra, FIFA Forward Enterprise’ning qiymati $20 mlrdga baholanib, kompaniyaning 25 foiz ulushi tashqi investorlarga $4,2 mlrdga sotilishi kerak edi. Ommaviy axborot vositalari kompaniyaning qariyb 20 foiz aksiyasini Joshua Kushner boshchiligidagi investorlar guruhi sotib olishi mumkinligini yozgan. Uning akasi Jared Kushner AQSH prezidenti Donald Trampning kuyovi hisoblanadi.
Financial Times ma’lumotiga ko‘ra, loyiha ustida JPMorgan, FIFA va Kushner jamoasi bir necha oy davomida ishlagan. Biroq tashabbus yirik futbol konfederatsiyalarining keskin qarshiligiga uchradi. UEFA, KONKAKAF, Osiyo futbol konfederatsiyasi va KONMEBOL bitimga qarshi chiqdi.
Endi nima bo‘ladi
UEFAning barcha 55 a’zosi navbatdan tashqari yig‘ilishda FIFA loyihadan voz kechmasa, tashkilot tasarrufidagi musobaqalarni boykot qilishga kelishib olgan. Kuchli bosimdan so‘ng Infantino 1-avgust kuni FIFA jahon chempionatlarining tijoriy huquqlarini sotmasligini e’lon qildi.
Shundan keyin UEFA FIFAning amaldagi rahbariyati nafaqat Yevropa futbol tashkiloti, balki futbol hamjamiyatining ko‘plab boshqa vakillari ishonchini ham yo‘qotganini bildirdi. The Telegraph avvalroq UEFA Infantinoga iste’foga chiqish yoki ishonchsizlik votumiga duch kelish shartini qo‘yganini xabar qilgan edi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri FIFAning $20 mlrdlik rejasiga UEFA, OFK va CONCACAF qarshi chiqqani haqida yozgan edi.