Jahongir O‘rozov «Rubin» klubida qancha maosh oladi

3-avgust 2026 08:45 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Jahongir O‘rozov «Rubin» klubida qancha maosh oladi
Foto: Instagram/ Jahongir O‘rozov

O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Jahongir O‘rozov Qozonning «Rubin» klubida bir mavsum uchun 450 ming yevro maosh olishi mumkin. Bu uning hozirgi daromadidan to‘rt baravardan ko‘proq, deb yozmoqda Sport Business/Gazeta nashri.

Manbalarga ko‘ra, Samarqandning «Dinamo» klubi safida to‘p surayotgan 22 yoshli futbolchi «Rubin» bilan shartnoma imzolash oldidan tibbiy ko‘rikdan muvaffaqiyatli o‘tgan. Tomonlar bitimning barcha shartlarini kelishib olgan va transfer yaqin vaqt ichida rasman e’lon qilinishi kutilmoqda.

O‘rozov ayni paytda ispaniyalik bosh murabbiy Frank Artiga boshchiligidagi Qozon klubi bilan mashg‘ulotlarda qatnashmoqda. Avvalroq «Rubin» futbolchini 100 ming yevro evaziga ijaraga olishi, kelishuvga esa uni keyinchalik 700 ming yevroga to‘liq sotib olish huquqi kiritilishi haqida xabar berilgan edi. Shu tariqa, transferning umumiy qiymati 800 ming yevrogacha yetishi mumkin.

Foto: Instagram/ Jahongir O‘rozov

Mazkur ma’lumotlarni «Dinamo» bosh murabbiyi Vadim Abramov hamda «Rubin» ustozi Frank Artiga ham tasdiqlagan. Yakuniy qaror va transfer tafsilotlari klublarning rasmiy bayonotidan keyin ma’lum bo‘ladi.

Nimalar ma’lum

Rossiya OAV ma’lumotiga ko‘ra, O‘rozovning hozirgi yillik maoshi qariyb 96 ming yevroni tashkil etadi. «Rubin»da esa unga bir mavsum uchun 450 ming yevro to‘lanishi kutilmoqda. Natijada o‘zbekistonlik himoyachining daromadi avvalgi ko‘rsatkichga nisbatan to‘rt baravardan ko‘proq oshadi.

Foto: Instagram/ Jahongir O‘rozov

Futbolchi haqida

Jahongir O‘rozov futbolchilik faoliyatini Toshkentning «Bunyodkor» klubi tizimida boshlagan va 2022-yilda asosiy jamoada debyut qilgan. U 2023-yilda Turkiyaning «Eyupspor» klubiga o‘tib, keyinchalik Samarqandning «Dinamo» jamoasiga qaytgan. 2025-yil fevralida Samarqand klubi futbolchining to‘liq transfer huquqini qo‘lga kiritgan.

Himoyachi 2023-yilda U-20 Osiyo kubogida g‘olib chiqqan O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi tarkibida ishtirok etgan. U o‘sha yilgi yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida to‘rtta uchrashuvda maydonga tushgan.

O‘rozov 2026-yil bahorida O‘zbekiston milliy terma jamoasida debyut qildi. U Gabonga qarshi ilk uchrashuvida gol urib, jamoaning 3:1 hisobidagi g‘alabasiga hissa qo‘shdi. Futbolchi keyinchalik O‘zbekiston terma jamoasining jahon chempionati uchun yakuniy tarkibiga kiritildi va guruh bosqichidagi ikki bahsda jami 93 daqiqa harakat qildi.

Avvalroq «Kursiv» Jahongir O‘rozov transferi bo‘yicha summa aniq bo‘lgani haqida yozgan edi.

Shuningdek