
Ijtimoiy tarmoqlarda Krishtianu Ronaldu Habib Nurmagomedov va Konor Makgregorni Jorjina Rodriges bilan to‘yiga taklif qilgani haqida xabar tarqaldi. Biroq hozircha bu da’voni tasdiqlovchi rasmiy ma’lumot yo‘q, deya xabar berdi The Times of India.
Da’vo avval Gossip Magazine’ga tayanilgan post orqali tarqalgan. Keyinroq uni ayrim Rossiya OAVlari va ijtimoiy tarmoq sahifalari ham ulashgan.
Rasmiy tasdiq yo‘q
Hozircha Krishtianu Ronaldu va Jorjina Rodriges, Habib Nurmagomedov yoki Konor Makgregor bu taklif haqida ochiq bayonot bermagan.
Shuningdek, Ronaldu vakillari ham to‘y mehmonlari ro‘yxatini e’lon qilmagan. Nashrga ko‘ra, Ronaldu yoki uning vakillari rasmiy bayonot bermaguncha, Habib Nurmagomedov va Konor Makgregor to‘yga taklif qilingani haqidagi xabarni tasdiqlangan ma’lumot sifatida qabul qilib bo‘lmaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ronaldu va ispaniyalik model Jorjina Rodrigesning to‘yi 8-avgust kuni Madeyra orolida o‘tishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, marosim Ronaldu tug‘ilib o‘sgan Funshal shahridagi soborda tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Mahalliy xabarlarda Funshal shahridagi sobor kelasi shanba kuni yirik to‘y marosimi uchun band qilingani aytilmoqda.