Xpeng G9L avtomobili qanday imkoniyatlar bilan chiqadi

3-avgust 2026 14:23 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Xpeng G9L avtomobili qanday imkoniyatlar bilan chiqadi
Foto: Xpeng

Xitoyning Xpeng kompaniyasi tomonidan yangi Xpeng G9L avtomobili rasman namoyish etildi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.

Besh o‘rindiqli to‘liq o‘lchamli SUV global model sifatida ishlab chiqilgan bo‘lib, yaqin vaqt ichida Xitoy bozorida sotuvga chiqarilishi kutilmoqda. Uning taxminiy narxi 300 ming yuan, ya’ni qariyb $44,4 mingni tashkil etadi.

Xpeng G9L kuzovining uzunligi 5120 mm, kengligi 1999 mm va balandligi 1795 mmga teng. G‘ildirak bazasi 3100 mmni tashkil qiladi. Taqqoslash uchun, yangi krossover BMW X5 G05 modelidan 198 mm uzunroq. Avtomobil faqat besh o‘rindiqli salon bilan taklif etiladi. Shu tariqa kompaniya G9L’ni yaqinda chiqarilgan olti o‘rindiqli GX modelidan alohida segmentga joylashtirmoqda.

Texnik xususiyatlar

Foto: Xpeng

Elektr krossover to‘liq uzatmali ikki motorli tizim bilan jihozlangan. Old o‘qqa o‘rnatilgan elektromotor 160 kVt yoki 215 ot kuchi, orqa motor esa 270 kVt yoki 362 ot kuchi ishlab chiqaradi. Tizimning umumiy quvvati 430 kVt yoki 577 ot kuchiga yetadi. Avtomobilning maksimal tezligi soatiga 200 kilometrni tashkil etadi.

G9L 800 voltli elektr platformasida qurilgan. Ishlab chiqaruvchining ta’kidlashicha, tezkor quvvatlash tizimi yordamida avtomobil to‘qqiz daqiqada 450 kilometr masofa bosib o‘tish uchun yetarli energiya to‘play oladi. Batareya sig‘imi va bir quvvatlanishdagi umumiy yurish zaxirasi hozircha oshkor etilmagan.

Dizayn

Model tashqi ko‘rinishida Xpeng‘ning yangi dizayn uslubidan foydalanilgan. Krossover yashirin eshik tutqichlari, elektr yuritmali yumshoq yopiladigan eshiklar, berk old panel, kengaytirilgan orqa qanotlar va 22 dyuymli g‘ildirak disklari bilan jihozlangan.

Foto: Xpeng

Salonda old o‘rindiqlarning bel va yon qismlarini elektr orqali sozlash imkoniyati mavjud. Old yo‘lovchi o‘rindig‘ida «nol gravitatsiya» rejimi ko‘zda tutilgan. Avtomobil shuningdek, ichki muzlatkich, kengaytirilgan reallik funksiyasiga ega proyeksion displey va 1152 litr hajmli yukxona bilan ta’minlanadi.

Qo‘shimcha imkoniyatlar

Xpeng G9L’da kompaniyaning ikkinchi avlod Vision Language Action sun’iy intellekt tizimi qo‘llanadi. To‘rtta Turing chipining umumiy hisoblash quvvati 2250 TOPSga yetadi. Ushbu tizim navigatsiya asosida avtomatik boshqarish, haydovchiga yordam berish va mustaqil ravishda to‘xtash joyiga joylashish funksiyalarini ta’minlaydi.

G9L aviatsiya darajasidagi zaxira xavfsizlik tizimiga ega bo‘lib, kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, to‘rtta yirik xalqaro tashkilotning besh yulduzli xavfsizlik talablariga javob beradi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Xpeng X9 avtomobilida muammolar aniqlangani haqida yozgan edi.

Shuningdek