Misrda 5,6 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi

Misrning Suvaysh shahri yaqinida 5,6 magnitudali zilzila qayd etildi. Hozircha qurbonlar yoki vayronagarchiliklar haqida ma’lumot kelib tushmagan, deya xabar berdi Reuters nashri
Zilzila Suvayshdan 38 kilometr shimolda yuz berdi
Misr Milliy Astronomiya va Geofizika ilmiy-tadqiqot instituti ma’lumotiga ko‘ra, zilzila 3-avgust kuni mahalliy vaqt bilan soat 03:00 dan ko‘p o‘tmay, Suvaysh shahridan 38 kilometr shimolda sodir bo‘lgan.
Institut hozircha jabrlanganlar yoki moddiy zarar haqida hech qanday xabar kelib tushmaganini bildirdi.
Favqulodda choralar ko‘rildi
Misr Qizil Yarim Oy jamiyati zilzila sezilgan hududlarda favqulodda vaziyatlar rejimini ishga tushirdi. Tashkilot aholini konstruksiyasi shikastlangan binolarga kirmaslikka hamda rasmiy idoralar axborotlariga amal qilishga chaqirdi.
Yer silkinishi 10 kilometr chuqurlikda kuzatilgan
Germaniyaning Geofanlar tadqiqot markazi (GFZ) esa zilzila magnitudasini 5,4 deb baholadi. Markaz ma’lumotiga ko‘ra, yer silkinishi 10 kilometr chuqurlikda yuz bergan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yaponiyada 7,1 magnitudali zilzila oqibatida 13 kishi halok bo‘lgani haqida yozgandi.