4–7-avgustda O‘zbekistonning tog‘li hududlarida sel xavfi e’lon qilindi

4–7-avgust kunlari kutilayotgan kuchli yomg‘irlar sabab Toshkent, Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarining tog‘ oldi hamda tog‘li hududlarida sel-suv toshqinlari yuzaga kelishi mumkin. Bu haqda «O‘zgidromet» xabar berdi.
Shuningdek, ayrim hududlarda yomg‘ir suvlari to‘planib, mahalliy suv bosish holatlari kuzatilishi ehtimoli bor.
Sel xavfi kuzatilishi mumkin bo‘lgan hududlar
Unga ko‘ra, sel-suv toshqinlari quyidagi hududlarda kuzatilishi mumkin:
- Toshkent viloyati — Ohangaron, Bo‘stonliq, Parkent, Piskent, O‘rtachirchiq, Yuqorichirchiq tumanlari hamda Angren va Olmaliq shaharlari;
- Namangan viloyati — Pop, Kosonsoy, Chortoq, Chust, Namangan va Yangiqo‘rg‘on tumanlari;
- Farg‘ona viloyati — So‘x, Shohimardon, Farg‘ona va Beshariq tumanlari;
- Andijon viloyati — Andijon, Asaka, Jalaquduq, Qo‘rg‘ontepa, Paxtaobod, Izboskan, Xo‘jaobod, Marhamat tumanlari hamda Xonobod shahri.
Aholiga ogohlantirish
Mutaxassislar tog‘ oldi va tog‘li hududlarda yashovchi fuqarolar, dam oluvchilar hamda ushbu hududlar orqali harakatlanayotgan haydovchilardan ehtiyot choralariga rioya qilishni so‘radi.
Shuningdek, respublikaning ayrim hududlarida kuchli yomg‘ir oqibatida suv to‘planishi va hududlarni vaqtincha suv bosishi ehtimoli ham mavjud. Shu bois aholi ob-havo bo‘yicha rasmiy ogohlantirishlarni kuzatib borishi tavsiya etiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan hafta davomida ob-havo 32 darajagacha pasayishi haqida yozgandi.